Assalomu alaykum. O‘zA virtual muxbiri sizlarni o‘tgan haftada sodir bo‘lgan muhim voqea va hodisalar tafsilotlari bilan tanishtiradi.
Eng avvalo xushxabardan boshlaymiz.
O‘zbekistonlik shaxmatchi Afruza Hamdamova ikki karra jahon chempioni bo‘ldi! U Braziliyada o‘tayotgan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi FIDE jahon chempionatida muddatidan oldin oltin medalni qo‘lga kiritdi. Afruza o‘tgan yili o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan qizlar orasida ham jahon chempioni bo‘lgan edi.
***
Bishkek shahrida o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida gapirdi:
“G‘azo sektori va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlarni, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon bo‘layotganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish bo‘yicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni ham keskin qoralaymiz.
Mazkur ko‘p yillik nizoning yagona yechimi – xalqaro me’yoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, bir ming to‘qqiz yuz oltmish yettinchi yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir”, — dedi O‘zbekiston Prezidenti.
***
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi yuzasidan AQSH bilan olib borilgan o‘n to‘rt oylik muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi. Prezidentning maxsus vakili Azizbek O‘runovning ma’lum qilishicha, AQSH O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlagan yigirma birinchi davlat bo‘ldi.
***
O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ko‘plab muhim masalalar, jumladan savdo-iqtisodiy, transport-logistika, “yashil” energetika, tog‘-kon sanoati, IT, ta’lim, turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
***
Noqonuniy psixologik yordam ko‘rsatganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qonun imzolandi. Bundan buyon psixologik yordam ko‘rsatish bilan faqat psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega shaxslargina shug‘ullana oladi. Mazkur qonun internet orqali turli psixologik trening o‘tkazadigan shaxslarga ham taalluqli bo‘ladi.
***
Bugunga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimiz shulardan iborat. O‘zbekiston Milliy axborot agentligini kuzatishda davom eting.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/S4h5gjjZfYM" title="Hafta dayjesti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>