“Afrosiyob” elektropoyezdining 15 yilligi nishonlanmoqda
Bir transport vositasi mamlakat hayotini qanday o‘zgartirishi mumkin?
Insoniyat tarixida shu kungacha aqlbovar qilmas kashfiyotlar qilindi va qilinmoqda. Ammo tan olish kerakki, poyezd vagonlari odamlar uchun haqiqiy ma’noda olamshumul yangilik bo‘ldi. Keyinchalik uning tezligi ham takomillashib bordi. Ana shunday tezyurar poyezdlardan biri bu shubhasiz “Afrosiyob”dir. Ushbu transport vositasi yurtimizga kirib kelganiga ham roppa-rosa 15 yil to‘ldi.
2011-yil 8-oktabr kuni yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdining “Toshkent — Samarqand — Toshkent” yo‘nalishidagi muntazam qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi.
Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ushbu zamonaviy elektropoyezd O‘zbekistonda yuqori tezlikdagi temir yo‘l qatnovining yangi davrini boshlab berdi. Alohida qayd etish kerakki, “Afrosiyob” Markaziy Osiyodagi ilk yuqori tezlikdagi poyezd sifatida tarixdan o‘rin oldi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 6 ta “Afrosiyob” elektropoyezdi mavjud. Ularning har biri zamonaviy qulayliklar va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlovchi texnologiyalar bilan jihozlangan.
Bugun “Afrosiyob” Toshkentni Samarqand, Buxoro, Qarshi va Shahrisabz kabi yirik tarixiy va turistik markazlar bilan bog‘lab, minglab yo‘lovchilarga tezkor va qulay transport xizmatini ko‘rsatib kelmoqda.
15 yil davomida “Afrosiyob” nafaqat masofalarni qisqartirdi, balki O‘zbekistonda zamonaviy va yuqori tezlikdagi temir yo‘l transporti rivojining ramziga aylandi.
Sherbek Islomov,
O‘zA