G‘uzorda zamonaviy ko‘chatchilik markazi tashkil etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida G‘uzor tumanida tashkil etilgan ko‘chatchilik markazi faoliyati bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 23-sentabrdagi farmoni bilan mahallalarning ko‘kalamzorlashtirishdagi rolini kuchaytirish, “3-30-300” tamoyili asosida yashil hududlarni kengaytirish vazifalari belgilangan. Yangi markaz sifatli ko‘chat yetishtirishni mahallalar ehtiyoji, daraxtlarni parvarishlash va aholi bandligi bilan bog‘lashga qaratilgan.

Xorij tajribasi asosida 65 gektar maydonda tashkil etilgan majmuaning qiymati 9,5 milliard so‘m. Bu yerda 100 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan.
Markazning 50 gektari manzarali daraxtlar, 5 gektari mevali daraxtlar, 3 gektari buta va gul ko‘chatlarini yetishtirishga ajratilgan. Birinchi bosqichda 1,6 million dona, keyingi bosqichda 5 million dona nihol va ko‘chat yetishtirish ko‘zda tutilgan. Bu yerda 41 turdagi manzarali va ignabargli daraxt ko‘chatlari mavjud.

Majmuada ochiq ko‘paytirish maydonlari, issiqxona, urug‘dan nihol yetishtirish va ko‘chatlarni soyalash inshootlari barpo qilingan. Sig‘imi 4,2 ming kub metr bo‘lgan uchta membranali suv havzasi tashkil etilib, 20 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilgan. Kompost va mulcha tayyorlash uskunalari hamda quyosh panellaridan foydalanilmoqda.
Zamonaviy texnologiyalar yil davomida, jumladan, ekish mavsumidan tashqari vaqtda ham ko‘chat yetishtirish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, an’anaviy usullarga nisbatan yetishtirish hajmi 8-10 barobar ko‘payib, suv sarfi 3 baravar kamayadi. Bu ko‘chatlar tannarxini 30-40 foizga pasaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Markazda mahallalarni yashillashtirish uchun alohida xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Ular ko‘chat va butalar yetkazib berish, zararlangan daraxtlarni davolash, mulchalash hamda tomchilatib sug‘orish tizimlarini tashkil etishni qamrab oladi. Har bir mahallaga o‘rmonchi murabbiy biriktirilib, “yettilik” a’zolari uchun har bir ekish mavsumi oldidan o‘quvlar o‘tkaziladi.

Aholi ham ko‘chat yetishtirish jarayoniga jalb qilinmoqda. Kooperatsiya shartnomalari asosida fuqarolarga nihollar yetkazib beriladi. Ular xonadonlarda bir-ikki mavsum parvarishlanib, tayyor ko‘chatga aylangach, kafolatli tarzda sotib olinadi. Bu oilalarga qo‘shimcha daromad manbai yaratadi.
Davlatimiz rahbari markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, ko‘chat ekish va bog‘ yaratish xalqimizga xos ezgu an’ana ekanini ta’kidladi. Markazning mahallalarni ko‘kalamzorlashtirish va aholi daromadlarini oshirishdagi imkoniyatlari haqida axborot berildi.
