G‘uzor tumanida katta bayram, tantana
Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida tuman mehnatkashlarining 2020 yilgi qishloq xo‘jalik mavsumining muvaffaqiyatli yakuniga bag‘ishlangan “Hosil bayrami” va yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan madaniy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda tumanning barcha hududlaridan dehqon va fermerlar, chorvador va bog‘bonlar, qishloq xo‘jalik korxonalari vakillari, dala zahmatkashlariga kamarbasta bo‘lgan terimchilar va azmi qat’iy yoshlar ishtirok etdi.

O‘ziga xos bayram tusini olgan tadbir qishloq xo‘jaligi texnikalari karvoni bilan boshlandi. Karvon bir necha yillik orzularning ushalishini rivoyat qilgancha butun tuman markazini kezib chiqdi. Darhaqiqat, bu yil g‘uzorlik mirishkor dehqonlarning ko‘p yillik orzulari ro‘yobga chiqdi. Ular davlatga 25 ming 300 tonnadan ortiq don sotdi. 16 ming 337 tonna paxta, 95 tonna kumush tola yetishtirishga erishildi. Barcha sohalarda ko‘zlangan rejalarni bu taxlit ado etish bundan 18 yil ilgari kuzatilgan edi.
G‘uzor tumanidagi markaziy stadionda o‘tgan bayram kayfiyati ham shunga monand bo‘ldi. Unda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda qishloq va suv xo‘jaligi sohasini intensiv va zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tomorqada faoliyat ko‘rsatib kelayotgan dehqonlarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalariga katta e’tibor qaratilayotganini, bugungi yutuqlar ana shu e’tiborning samarasi ekanini alohida qayd etildi.

Hosil bayrami bilan bir qatorda, Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi chog‘ida yoshlar bilan ishlash borasida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash hamda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida tashkil etilgan madaniy tadbirda tuman yoshlari tomonidan qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar ham alohida e’tirof etildi.
Tumanda istiqomat qilayotgan yosh sportchilar – karatechilar, kurashchilar va futbolchilar hamda mahalliy xonandalarning chiqishlari taniqli san’atkorlar – O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Sobirov tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi.

– Ochig‘i pandemiyadan so‘ng birinchi bor bu kabi madaniy tadbirlarda qatnashishim, – deydi Ravshan Sobirov. – Xalqning kayfiyati juda ham ko‘tarinki. Hududda yoshlarning qo‘lga kiritayotgan yutuqlari ham salmoqli. Yaqinda o‘tkazilgan karate bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida g‘uzorlik yoshlar 12 ta medalni qo‘lga kiritgani ham tahsinga loyiq. Nima ham derdik biz san’atkorlar xalqimizning mana shunday quvonchli kunlarida xizmat qilishdan binihoya mamnunmiz.
Bayram tumanda tog‘li Sarchashma qishlog‘i yoshlari uchun tashkil etilgan Yoshlar shaharchasida ham davom etdi. Tumandagi 4 ta sektor rahbarlari el suygan san’atkorlar hamrohligida sarchashmalik yoshlar bilan dildan suhbat qurdilar. Kuy-qo‘shiqlar davraga fayz bag‘ishladi.

O‘.BAROTOV, O‘zA