Xorazm viloyati nafaqat boy tarixi, me’morchilik yodgorliklari va madaniyati bilan mashhur, balki qovunlarining betakror ta’mi bilan ham keng tanilgan. Qadim voha qovunlari nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham o‘zining shirinligi, xushbo‘yligi va uzoq saqlanish xususiyati bilan qadrlanadi.
– Xorazm tuprog‘i va iqlimi qovun uchun go‘yo maxsus yaratilgandek, – deydi mehnat faxriysi Jumaboy O‘tamov. – Kuzda me’yordagi salqinlik, yozda qurg‘oq va issiq havo, suvning kamligi — bularning barchasi qovunning shirin, xushbo‘y va sermahsul yetilishini ta’minlaydi. Bu yerdagi dehqon qovunni suv bilan emas, balki yerga singdirilgan mehri bilan sug‘oradi. O‘rganib chiqilsa qovun navlarining har biri alohida kitob bo‘ladi.
Darhaqiqat, Xorazm qovunlari yuzdan ortiq turga ega. Ularning har birio‘zgacha ta’m, o‘zgacha hid va o‘zgacha ko‘rinishda. “Gulobi” o‘zining nafis ifori bilan insonni mast qilsa, “Qizil qovun” quyoshning parchasi kabi tovlanadi. “Qilichboy beshak”, “Qariqiz”, “Tuya qovun”, “To‘yona”, “Bo‘rikalla” kabi qovunlar o‘zining antiqa rang va shakli bilan ajralib tursa, “Ola zamcha”, “Xorazm oq novvoti” ning har bo‘lagi asalday shirin.
Xorazmlik dehqonlar qovunni yetishtirishdan tashqari, uni saqlashni ham hadisini olgan. Buning uchun maxsus joy va usullardan foydalaniladi. Qishning sovuq kunlarida xushbo‘y qovun dasturxonni to‘ldiradi, go‘yo bir lahzaga yoz qaytib kelgandek bo‘ladi. “Ko‘k gulobi”, “Gulobi xorazmiy” va “Saxovat” navlari kuzda pishsada, bahorgacha saqlanadi.
“Gurvak” Xorazm qovunchiligining ramzi hisoblanadi. Yer yuzida hidi va ta’mida o‘xshashi bo‘lmagan bu qovunni bir marta to‘yib iste’mol qilsangiz uning tarkibidagi moddalar tanangizda bir yil, ta’mi esa yillar davomida saqlanib qoladi. Gurvak yoz oyining o‘rtalarida yetilib pishadi va sanoqli kunlargina iste’molda bo‘ladi. Uni bir ikki oydan ortiq saqlab bo‘lmaydi. Biroq, ayrim dehqonlar Gurvakni ham uzoq muddat saqlab turish choralarini izlamoqda. Misol uchun, qo‘shko‘pirlik dehqon Ne’matjon Razzoqov o‘z xonadonidagi maxsus omborda yil davomida qovun, tarvuz va qovoq mahsulotlarini saqlashning hadisini olgan. Ota-bobolaridan tajribani o‘rgangan dehqon o‘tgan mavsumda gurvak qovunini ham mart oylarigacha saqlashni uddaladi.
– Biz qovunlarni loy bilan somon suvoq qilingan, pastiga qum to‘shalgan maxsus xonada saqlaymiz, – deydi N.Razzoqov. – Bunda qovunlar qamishdan to‘qilgan to‘rlarga solib, osib qo‘yiladi. Xona harorati va namligiga alohida e’tibor qaratiladi. Issiq – sovuq kunlarda ham uning ichkarisidagi harorat hamisha bir xilda turishi kerak. Aks holda barcha hosil nobud bo‘lishi mumkin. Odatda bir gektar maydonga ekilgan qovundan 130-140 million so‘m daromad olsa bo‘ladi. Agar uni qishgacha saqlay olsangiz daromad ikki-uch barobar ortadi.
[gallery-24507]
Mutaxassislarning fikricha, qovunning noyob xususiyatlari behisob bo‘lib, nafaqat shirin, balki shifobaxsh hamdir. U inson organizmining hayotiy faoliyatini yaxshilaydi. Shu bois qovunni tibbiyotda “Baxt garmoni” deyishadi.
– Qovun qon tomirlari devorini mustahkamlashi bilan birga insonni tushkunlikdan xalos etadi va unga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi, – deydi Urganch shahridagi 3-son oilaviy poliklinika bosh shifokori Nilufar G‘oyipova. – Uning tarkibida insonni yashartirish xususiyatiga ega serotonin moddasi, A, S, Ye, V1 va V2 vitaminlari bor. Ushbu poliz mahsuloti kasalliklarga qarshi “himoya” vositasi hamdir. Tabobatda qovun mevasining urug‘i jigar va buyrak kasalliklarini bartaraf etishda hamda peshob haydovchi sifatida, kamqonlikda, quvvatsizlikda qo‘llaniladi. Mahalliy aholi o‘rtasida “Ovqatdan so‘ng “Qamchi”sini ham ber”, degan naql bor. Bu yerda “Qamchi” deya qovun nazarda tutilmoqda. Chunki, qovun oshqozonni “qamchilab” hazmni tezlashtiradi. Suvli tuzilmasi esa organizmni tozalaydi va tashnalikni bosadi. Hatto uyqusizlikni oldini olishda qovun samarali vosita hisoblanadi.
Tarixga nazar solsak, olamga mashhur arab sayyohi Ibn Battuta va Venger olimi Herman Vamberi asarlarida vohaning qadimiy qovunlari yuqori baholangan. Vohada qovunning 400 dan ziyod navlari yetishtirilgani haqida tarixiy ma’lumotlar mavjud. Qadimiy qo‘lyozmalarda keltirilishicha, bu zaminda yetishtirilgan qovunlar muz bilan o‘ralgan qo‘rg‘oshin qoliplarda savdo karvonlari orqali dunyoning turli davlatlariga eksport qilingan. Bu an’analar hali hamon davom etmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Xorazm qovunchilik maktabini qayta tiklash, voha tuproq iqlim sharoitiga mos, eksportbop navlarini ko‘paytirish maqsadida Urganch davlat universiteti qoshida qovunchilik markazi tashkil etildi, polizchilik yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Keyingi yillarda vohada qovunni issiqxona, hamda ochiq dalalarda yetishtirish bo‘yicha ilmiy klaster loyihasini tashkil qilish borasida samarali ishlar olib borilyapti. Natijada qovunning qadimiy yetti navi qayta tiklandi. Amaliyotchi olimlar tomonidan hosildorligi yuqori bo‘lgan, noqulay ob-havo sharoitiga chidamli, eksportbop navlar yaratildi.
– Ko‘p yillardan buyon qovunchilik bilan shug‘ullanamiz, – deydi bog‘otlik fermer Jasur Ro‘zimov. – Qovun ekilgan polizning har bir gektaridan 300 - 400 sentner hosil olyapmiz. Bugun 15 turdagi qovun yetishtiryapmiz. Tajribalar o‘tkazib “Ko‘kcha”, “Bo‘rikalla”, “Oq gurvak”, “Qora gurvak” kabi yangi navlarni yaratdik. Qovunni quritib eksportga ham chiqaryapmiz. O‘tgan yili 57 tonna mahsulot eksport qilgan bo‘lsak, bu yil bu ko‘rsatkichni 100 tonnaga yetkazamiz. Aslida bugun viloyatda qovunning mag‘zi, urug‘i va po‘chog‘idan 93 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Xorazm qovunchiligini yanada keng targ‘ib qilish orqali mahalliy va xorijiy sayyohlar e’tiborini qaratish va turistlar oqimini oshirish maqsadida har yili ayni qovun pishig‘i mavsumida an’anaviy tarzda “Qovun sayli” xalqaro festivali o‘tkaziladi. Undagi pavilonlarda respublikamizning barcha hududlari, shuningdek, Xorazm viloyatidagi 13 ta shahar va tumanlarda yetishtirilgan meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, xususan, qovun mahsulotlari namoyish etiladi.
Qovun saylining barcha tadbirlari xorijiy va mahalliy sayyohlar bilan gavjum bo‘ladi. Yuqori darajada tashkil etilgan festival ularga ham unutilmas onlar, boy taassurotlar tuhfa etadi. Mamlakatimizdagi mirishkor, fermerlar va olimlar hamkorligida yo‘qolib ketgan, qayta tiklangan va yangi yaratilgan qovun navlari ham ushbu tadbirda namoyish etiladi. Misol uchun o‘tgan festivalda qovun urug‘larining 125 turi namunasi namoyish etildi. Xorazm qovunlarining “Gurvak”, “Zar gulobi”, “Qariqiz”, “Tirish” va “Pechak” kabi 10 dan ortiq navlariga dunyo bo‘yicha brend sifatida tovar belgisi berilgan.
Xorazm qovuni — bu shunchaki mevami? Yo‘q. U bir bo‘lak yer va quyosh, bir bo‘lak mehnat va muhabbat, bir bo‘lak tarix va an’ana. U vohaning yuragi, xalqning iftixori, yerning in’omidir. Agar hayotingizda bir marta Xorazm qovunini tatib ko‘rgan bo‘lsangiz — demak, siz haqiqiy qovun ta’mini sezgansiz.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari