Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi Fidokor mahallasida yashovchi Nodir Poyonov (ism-shariflar o‘zgartirildi) joriy yil avgust oyida bir yo‘la uch kishining ishonchiga kirib, ularni chuv tushirgan.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatidan xabar qilishlaricha, 23 yoshdagi olg‘ir yigit tumandagi Yangi diyor mahallasida yashaydigan Asilbek Tohirov, Fidokor mahallasilik Zafar Jo‘rayev, Qiziriq tumanidagi Yangi kent mahallasida istiqomat qiladigan Jo‘ra Noraliyevlarning 182 million 980 ming so‘mlik guruch mahsulotini olib, pullarini bermasdan o‘zlashtirib ketgan.
Yana bir holatda Termiz shahri Shifokor mahallasida yashovchi tadbirkor Nafisa Xolmurodova parrandachilik bilan shug‘ullanib, o‘tgan yil may oyida Termiz tumanidagi M.Eshtemirov nomli mahallada yashaydigan Ilyos To‘rayevning jo‘ja yetkazib berish sharti bilan 25 million so‘m bank kreditini o‘zlashtirib ketgan. Shuningdek, o‘tgan yili oktyabr oyida Termiz tumanidagi Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi Botir Mengliyevning ham ishonchiga kirib, va’dani quyuq qilgan. Unga broyler jo‘ja taklif etib, tijorat bankidan 29 million so‘m kredit oldirgan va korxonasi hisob raqamiga o‘tkazdirib, 11,5 million so‘miga jo‘ja bergan. Qolgan pulini esa o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Ayni paytda mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA