Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida “Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan olib borilayotgan ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari diqqat markazida bo‘lmoqda. Shunga binoan, tuman hokimining o‘rinbosari Muzaffar O‘rinboyev bilan OAV vakillari ishtirokida maxsus press-tur tashkil etildi.
Mazkur press-tur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 6 martdagi “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, unga asosan “Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan barpo etilayotgan infratuzilma ob’ektlari bilan yaqindan tanishish hamda joylardagi amaliy holatni jamoatchilikka yetkazish maqsadi ko‘zda tutilgandi.

Jurnalistlar Alisher Navoiy mahallasidagi qishloq vrachlik punkti, Beshbuloq mahallasidagi 12-umumta’lim maktabi hamda 10-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida amalga oshirilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari bilan tanishdilar. Shuningdek, ular bevosita ob’ektlar holatini o‘rganish, ishlab chiqilayotgan loyihalarning ijrosi, texnik va me’moriy talablarga rioya etilishi, muddatlar va sifat standartlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma’lumotlar olish imkoniga ega bo‘ldilar.
Mutasaddi tashkilotlar va pudratchi korxonalar vakillari tomonidan jurnalistlarga loyihalarning amalga oshirilish bosqichlari, sarflanadigan mablag‘lar, ishchi kuchini jalb etish, ekologik va xavfsizlik talablariga rioya qilish yuzasidan atroflicha axborotlar taqdim etildi. Qurilish jarayonlarida mahalliy aholi vakillari ish bilan ta’minlangani, ular uchun munosib mehnat sharoitlari yaratilgani alohida ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun yana shuni aytib o‘tish kerakki, mazkur loyiha doirasida Guliston tumanida jami 6 ta umumta’lim maktabi, 5 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 2 ta qishloq vrachlik punkti, 1 ta sil kasalliklari dispanseri hamda Mudofaa bo‘limi binolarida kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Bunda zamonaviy qurilish texnologiyalari, energiya samaradorligi, inklyuziv muhit yaratish va ekologik barqarorlik mezonlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan savollarga mas’ullar tomonidan asosli va batafsil javoblar berildi.
Yana shuni mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tish lozimki, press-turlarning joylarda tashkil etilishi amalga oshirilayotgan islohotlar ochiqligi, davlat mablag‘laridan foydalanishda shaffoflik va jamoatchilik nazoratining ta’minlanishiga xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri