Gulistonda zamonaviy sanitariya markazi qad rostlamoqda
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan muhim loyiha – zamonaviy sanitariya-epidemiologiya markazi qurilishi jadal bosqichga kirdi.
Bugungacha foydalanib kelingan eski bino zamon talablariga javob bermay qolgan edi. Natijada sanitariya xizmati xodimlari uchun ham, ularga murojaat qilayotgan aholi uchun ham qator noqulayliklar yuzaga kelayotgandi. Ayniqsa, tor joy, cheklangan imkoniyatlar va zamonaviy laboratoriya uskunalarining yetishmasligi xizmat samaradorligiga ta’sir ko‘rsatmay qolmasdi.

Endi esa bu muammolar o‘z yechimini topmoqda. Jahon taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan 11 milliard so‘mlik mablag‘ evaziga barpo etilayotgan yangi markaz kelgusida kasalliklarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va epidemiologik vaziyatni doimiy nazorat qilish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi. Bu esa har bir oilaning xotirjamligi, aholi salomatligining ishonchli himoyasi demakdir.

Qurilish ishlari “Palyot stroy servis” MCHJ tomonidan yuqori sur’atlarda olib borilmoqda. Ob’ektda zamonaviy texnika va ilg‘or qurilish texnologiyalari qo‘llanilayotgani ishlarning sifatli va o‘z vaqtida yakunlanishini ta’minlamoqda.

Tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev va tuman prokurori Dilshod Sangirovning qurilish maydoniga tashrifi ham mazkur loyihaga qaratilayotgan e’tibor yuqori ekanini ko‘rsatdi. Ular ishlar borishini ko‘zdan kechirar ekan, qurilish sur’atlarini yanada jadallashtirish, ayniqsa, ichki jihozlash ishlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdilar.

– Uch qavatdan iborat bo‘ladigan mazkur markazda xodimlar uchun barcha zarur sharoit yaratiladi, – deydi Olimjon Jo‘rayev. – Eng muhimi, ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy laboratoriya faoliyat yuritadi. Bu yerda o‘tkaziladigan tahlillar tezkor, aniq va ishonchli bo‘ladi. Demak, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va ularning tarqalishi oldini olish imkoniyatlari yanada kengayadi

Gulistonda barpo etilayotgan ushbu markaz bugungi kun ehtiyojiga berilgan munosib javob, ertangi barqaror taraqqiyot uchun mustahkam poydevordir. Chunki sog‘liqni saqlashga yo‘naltirilgan har qanday sarmoya inson hayoti va uning farovon kelajagiga qaratilgandir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri