Sirdaryo viloyatidagi Guliston davlat universitetida mamlakat yoshlarining ilmiy izlanish va startap tashabbuslarini rag‘batlantirishga qaratilgan muhim tadbir — "InnoWeek-2025“ Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligiga rasman start berildi.
Tantanali ochilish marosimida universitet rektori Muhsin Xodjiyev so‘zga chiqib, haftalikning ahamiyatini ta’kidladi:
– Innovatsiyalar — bu taraqqiyotning yuragi. ‘InnoWyeek-2025’ nafaqat ilmiy ishlanmalar va startaplarni namoyish etadi, balki yoshlarning yangicha fikrlashini, kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Bu haftalik — kelajak loyihalarining boshlanish nuqtasi, – dedi u.

Ochilish marosimida universitet hovlisi va majlis zallari haqiqiy innovatsiyalar maydoniga aylandi. Talabalar, yosh tadqiqotchilar va startapchilar o‘z g‘oya va ishlanmalarini ekspertlar hamda professor-o‘qituvchilar oldida taqdim etdilar. Amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan qator ilmiy loyihalar va yangi mahsulotlar ishtirokchilar e’tiborini o‘ziga tortdi.
– O‘tkazilayotgan "InnoWeek-2025" nafaqat universitetimiz, balki butun hudud uchun muhim innovatsion maydonga aylandi desa ham bo‘ladi, – deydi Guliston davlat universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Dilmurod Eshmurodov. – Qolaversa, haftalik doirasidagi tadbirlar talabalarimiz va yosh tadqiqotchilar uchun o‘z g‘oyalarini amalga oshirish, ilmiy ishlanmalarini namoyish etish va ekspertlar bilan muloqot qilish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, yoshlarda yangi fikrlash tarzini shakllantiradi, ularning innovatsion salohiyatini ochadi va startap tashabbuslarini rivojlantirishga turtki bo‘ladi. Bu kabi tadbirlar universitetimizda ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish, innovatsion muhitni kuchaytirish, shuningdek, ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Haftalik doirasida ilmiy ishlanmalar va innovatsion mahsulotlar ko‘rgazmasi, startaplar festivali ham o‘tkazildi. Festivalda eng yaxshi loyihalar saralanib, ularning amaliy qiymati va istiqbollari muhokama qilindi. G‘olib va sovrindorlarga diplomlar hamda esdalik sovg‘alari topshirilishi yoshlar uchun katta rag‘bat bo‘ldi.

– Biz o‘z g‘oyalarimizni amaliy hayotga tatbiq etish imkoniyatiga ega bo‘lganimizdan juda xursandmiz. Bu bizga yanada yangi g‘oyalar ustida ishlash uchun kuch va ilhom bag‘ishlaydi, – dedi festival ishtirokchilaridan biri, Guliston davlat universiteti talabasi Qurbonali Xoliqov.

"InnoWeek-2025" doirasida yoshlarning innovatsion salohiyatini namoyon etish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘plab tadbirlar o‘tkaziladi. Haftalik davomida ilmiy konferensiyalar, master-klasslar, seminarlar hamda turli amaliy uchrashuvlar tashkil etilishi belgilangan.
Bu haftalik — ijodkorlik, yangilik va kelajak sari dadil qadam tashlash maydoni sifatida yoshlar uchun keng imkoniyat eshigini ochmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri