Guliston va Shirin shaharlari hududi kengaytirilmoqda
Sirdaryo viloyatining Guliston va Shirin shaharlari aholi eng zich joylashgan hudud hisoblanadi. Endilikda mazkur shaharlar hududi kengaytirilmoqda.
Parlament quyi palatasi majlisida “Sirdaryo viloyatining Guliston, Shirin, Yangiyer shaharlari, Guliston, Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Sayxunobod, Sirdaryo, Xovos tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi palata qarori loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, Guliston tumanidan 527,23 gektar va Boyovut tumanidan 582,0 gektar yer maydonini Guliston shahri tarkibiga hamda Boyovut tumanidan 638,77 gektar yer maydonini Shirin shahri tarkibiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Guliston va Shirin shaharlari chegaralarining kengayishi shaharda aholi zichligini kamaytirishga, transport qatnovini yaxshilashga xizmat qiladi. Hududda yirik loyihalarni amalga oshirish uchun zamin yaratadi.
Shuningdek, xorijiy va mahalliy investitsiyalar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi. Hududda yangi sanoat zonalari, texnoparklar va yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etishga, qurilish, xizmat ko‘rsatish va sanoat sohalarida o‘n minglab yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilashga sharoit yaratadi.
Ta’kidlanganidek, majlisda chegaralarga o‘zgarishlar kiritish masalasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari hamda viloyat Kengashida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullangan.
Majlisda muhokama va fikr-mulohazalardan so‘ng mazkur masala yuzasidan qaror loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA