Gulchilik — oilaviy mehnat va baraka manbai
FOTOREPORTAJ
Andijon tumanida aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. «Sadda tagi» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Qurbonovlar xonadonidagi gulchilik faoliyati bu boradagi sa’y-harakatlarga yaqqol misoldir.
Qurbonovlar oilasi qariyb o‘n yildan buyon turli xil gullarni yetishtirish va parvarishlash bilan shug‘ullanib keladi. Xonadonda gulchilikni dastlab Arofatxon aya boshlagan bo‘lsa, bugun ushbu mehnat an’anasini kelini Shohsanamxon davom ettirmoqda.
[gallery-31070]
Oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 2025-yilda 32 million so‘m kredit mablag‘i jalb qilinib, issiqxona tashkil etildi. Ayni paytda xonadon hududida ikkita issiqxona mavjud bo‘lib, ularda 20 dan ortiq turdagi mavsumiy va manzarali gullar parvarishlanmoqda.
Xrizantema, mayiskiy geran, archa guli kabi mavsumiy navlardan tashqari shamshod, “Qora shahzoda”, georgina singari gullar ham yetishtirilmoqda. Navlarning xilma-xilligi xaridorlar ehtiyojini inobatga olgan holda mahsulot turini kengaytirish imkonini bermoqda.
— Gul parvarishi e’tibor va sabrni talab qiladi. Har bir navning o‘z xususiyati bor. Shuning uchun ularni o‘z vaqtida sug‘orish, oziqlantirish va parvarishlashga jiddiy yondashamiz. Mehnatingiz samarasida gullar ochilib, o‘z chiroyini namoyon qilganida, bundan katta quvonch olasiz, - deydi Shohsanam Qurbonova.
Qurbonovlar oilasi atigi 4 sotix yer maydonidan unumli foydalanib, o‘tgan yili gulchilikdan 50 million so‘m qo‘shimcha daromad olgan. Oila a’zolari kelgusida gul navlarini ko‘paytirish, issiqxonalar imkoniyatini kengaytirish va yetishtirish hajmini oshirishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Qurbonovlar xonadonidagi bu faoliyat tomorqadan oqilona foydalanish, oila a’zolarining birgalikdagi mehnati va mavjud imkoniyatlarni to‘g‘ri yo‘naltirish orqali barqaror daromad manbaini shakllantirish mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Arofatxon aya boshlagan gulchilik bugun Shohsanamxon tomonidan izchil davom ettirilib, xonadonda nafaqat oilaviy daromad manbai, balki avloddan-avlodga o‘tayotgan mehnat an’anasiga aylanmoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV(surat),O‘zA