Guanchjou shahrida o‘tkazilgan “Xalqaro madaniyat kuni” festivalida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etildi.
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur festival Malayziya, Tailand, Janubiy Koreya, Rossiya, Germaniya, Braziliya, Meksika kabi 20 dan ortiq mamlakatdan tashrif buyurgan ishtirokchilarni bir joyga to‘pladi.
O‘zbekistonning Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Guandun provinsiyasi universitetlarida ta’lim olayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikda mamlakatning madaniy-tarixiy merosi va uning hududlari bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Festivalning eng yorqin hamda mashhur stendlaridan biriga aylangan O‘zbekiston stendida xalq hunarmandchiligi, amaliy-bezak san’ati namunalari, shuningdek, qandolat mahsulotlari, quruq mevalar va milliy taomlar namoyish etildi. Buyuk Ipak yo‘lining Samarqand, Buxoro va Xiva kabi mashhur shaharlaridagi tarixiy yodgorliklarga, shuningdek, madaniy, ekologik va gastronomik turizmga bag‘ishlangan dasturlar ishtirokchilarning alohida e’tiborini jalb etdi.
Festival yakunida O‘zbekiston stendi “Eng nafis dizayn” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA