Mamlakatimizda ochiqlik siyosatining yuritilishi natijasida xalqaro hamkorlik aloqalari boshqa sohalar singari sportda ham keng rivoj topmoqda.
Birgina jismoniy tarbiya va sport sohasida chet mamlakatlar bilan o‘rnatilayotgan do‘stona munosabatlar natijasida mamlakatimizda 20 dan ziyod yetakchi davlatlarning malakali sport mutaxassislarining O‘zbekistonda ish olib borishi yo‘lga qo‘yildi. Bu, o‘tgan yillar davomida xalqaro sport musobaqalarida, jahon va qit’a chempionatlarida qo‘lga kiritilayotgan natijalarda o‘z ifodasini topmoqda.

Shu kunlarda yurtimizga amaliy tashrif bilan kelgan Gruziya sport vaziri Shalva Gogoladze bilan O‘zbekiston Respublikasi sport vazirligida, Milliy Olimpiya qo‘mitasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda shu haqda so‘z yuritildi.
Gruziya sport vaziri 2024 yili Parijda o‘tgan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilarning qo‘lga kiritgan yutuqlari har jihatdan e’tiborli bo‘lganini, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan sportchi va murabbiylar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarga katta xayrixohlik bilan qarashini aytib o‘tdi.

O‘z navbatida, sport vaziri Adham Ikromov O‘zbekistonda sport sohasida olib borilayotgan islohotlar, yurtimizda bunyod etilayotgan sport majmualari hamda sportchilarning ham jismonan, ham ruhan puxta tayyorgarlik ko‘rishlari uchun davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar xususida so‘zlab berdi va Gruziya bilan do‘stona munosabatlarning tarixiy ahamiyati beqiyosligini ta’kidladi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, hamkorlikda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish borasida hamfikrlik mujassamligi bildirildi.
Muloqot chog‘ida joriy yilning 9-15 aprel kunlari Gruziyaning Batumi shahrida milliy sportimiz kurash bo‘yicha o‘tadigan Yevropa chempionatini har jihatdan yuqori saviyada tashkil etishga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov hamda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov bilan ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichlari borasida o‘tkazilgan suhbatda yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishda har ikki davlat terma jamoalari ishtirokida qo‘shma yig‘inlar o‘tkazish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Gruziya sport vazirligi delegatsiyasi poytaxtimizdagi “Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyi”dagi ekspozitsiyalar, o‘zbek sportining boy tarixi va bugungi yutuqlari bilan tanishdi.
“Olimpiya shaharchasi” hududida bunyod etilayotgan zamonaviy sport inshootlari mehmonlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA