Gruziya Prezidenti YeIni “katta portlashdan” ogohlantirdi
Gruziya, Moldova va Ukraina bir vaqtda Yevroittifoqqa a’zo bo‘lib kirishi mumkin, deb bayonot berdi Prezident Salome Zurabishvili Fransiyaning “LCI” kanaliga bergan intervyusida.
– O‘ylashimcha, ushbu uch davlatning YeIga kirishi bir muddatda sodir bo‘ladi, – dedi Gruziya rahbari. – Bu voqea 2030 yilga to‘g‘ri keladimi, oldinroq yoki keyinroqmi, bilmayman. Fikrimcha, o‘shanda “kuchli portlash” yuz beradi. Uch mamlakat – Moldova, Ukraina va Gruziya, taxminan, bir vaqtda Ittifoq safiga qabul qilinamiz.
Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat va hukumat rahbarlari 2022 yil 23 iyunda bo‘lib o‘tgan sammitda Gruziyaga nomzodlik maqomini berishga rozi bo‘lgan. Ukraina va Moldova esa avvalroq ushbu maqomni olgan.