G‘ozg‘on shahrida “Matbuot uyi” barpo etilmoqda
Prezidentimiz 2019 yil 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida G‘ozg‘on qo‘rg‘onida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishgan edi. Yurtboshimiz hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida ko‘rsatmalar berib, G‘ozg‘onga shahar maqomini berish taklifini ilgari surgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qaroriga muvofiq, 2019 yil 3 mayda Navoiy viloyatida G‘ozg‘on shahri tashkil etildi. O‘tgan davr mobaynida hududda keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yirik sanoat korxonalari ishga tushirilib, yangi ish o‘rinlari yaratildi. bugungi kunda bu yerda ijtimoiy-iqtisodiy sohalar qatorida ma’naviy-ma’rifiy sohada ham qator yangilanishlar, o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021 yil 10 aprel sanasida shahar ro‘znomasi – “Navqiron G‘ozg‘on” gazetasining ilk soni chop etildi.
bugungi kunda har oyda 3 marotaba muntazam nashr etilmoqda. Shahar markazida barpo etilayotgan “Matbuot uyi” binosi esa hududni kompleks rivojlantirish borasidagi yana bir muhim loyihalardan biridir.
– Ob’ekt yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi, – deydi “Navqiron G‘ozg‘on” gazetasi ta’sischisi, “G‘ozg‘on poligraf servis” MCHJ rahbari Elyor Esanov. – Ushbu binoda tahririyat va shu bilan birga kichik bosmaxona ham joylashadi. G‘ozg‘onliklar matbuotga befarq emas. Gazeta chop etilayotgan kundan buyon aholining bu boradagi faolligini kuzatib kelyapmiz. Navoiy viloyatida “Matbuot uyi” binosi mavjud edi. G‘ozg‘on shahridagi ikkinchi markaz esa OAV rivojida yana bir muhim qadam bo‘ladi.

Otabek Aslonov,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi
Navoiy viloyati bo‘limi raisi.
O‘zA