G‘o‘zapoyani o‘rib, bug‘doy ekadigan noyob seyalka - sinovda
Jizzaxda mahalliy mutaxassislar tomonidan yaratilgan texnologiya g‘o‘zapoyani o‘rib, bir vaqtning o‘zida bug‘doy ekish imkonini bermoqda. Bu fermerlar uchun qanday afzalliklar yaratadi?
Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligida muhim innovatsiya sinovdan o‘tmoqda. Bu g‘o‘zapoyani o‘rib, bir vaqtning o‘zida bug‘doy urug‘ini ekadigan yangi seyalka texnologiyasi. Mahalliy mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan va “Jizzax” brendi ostida tayyorlanayotgan ushbu uskuna bir nechta agrotexnik jarayonlarni – yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, g‘o‘zapoyani maydalash va urug‘ ekishni birlashtirib, fermerlarga vaqt va resurslarni tejash, mehnat samaradorligini oshirish hamda yakunda yuqori hosildorlikka erishishga yordam beradi.

–G‘alla ekish mavsumida fermerlar qisqa muddatda paxta dalalarini tayyorlash zarurati kabi jiddiy muammolarga duch keladilar, – deydi Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani hokimi Botir Mirzaqulov. – Dalani g‘o‘zapoyadan tozalash, yerga ishlov berish va o‘g‘itlash jarayonlari ko‘p vaqt talab etadi. Har gektarda 200-250 ming tup ko‘chat mavjudligi sababli, qalin g‘o‘zazorlarda urug‘ning yerga to‘liq tushmasligi yoki keng qator oralari (66 sm) tufayli jo‘yaklar ko‘payib ketishi hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu muammolarga yechim topish maqsadida Xitoyning Shandun provinsiyasidagi mutaxassislar bilan hamkorlikda mamlakatimiz agrar tarmog‘iga mos maxsus seyalkalar ishlab chiqdik. Ushbu texnika O‘zbekistonga tayyor holda olib kelindi va mahalliylashtirilib, "Jizzax" brendi ostida ishlab chiqarilmoqda.
Yangi seyalka g‘o‘za qator oralariga ekish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bir o‘tishda 750 kg. gacha urug‘ va 500 kg. gacha o‘g‘it sola oladi. Uning asosiy afzalligi shundaki, urug‘ 12 sm masofaga sochib ekiladi va usti 3-4 sm tuproq bilan ko‘miladi. Bu boshqa seyalkalar singari urug‘ni zich ekmasdan, o‘sish uchun optimal sharoit yaratadi. Ayniqsa, tomchilatib sug‘oriladigan paxta maydonlarida bu seyalkaning samaradorligi yanada oshadi. U yer tayyorlash, chizellash va o‘g‘it solish uchun alohida ishlov berish zaruratini bartaraf etadi. Seyalka g‘o‘zapoyani juda mayda bo‘laklarga bo‘lib, uning tuproqqa singishini ta’minlaydi. Bu esa urug‘ning unib chiqishi va tuproq namligini saqlashga yordam beradi. Shu tariqa, bitta seyalka 5-6 ta agrotexnik tadbirni birlashtirib, fermerlarning mehnatini yengillashtiradi va g‘alladan 100-120 sentnerdan hosil olish uchun mustahkam poydevor yaratadi. Bundan tashqari, ochiq maydonlarga mo‘ljallangan va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini o‘rnatib ketuvchi boshqa turdagi seyalkalar ham Jizzaxda sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu esa yerda doimiy namlikni saqlash, yuqori hosildorlikni ta’minlash va yer yuzasining yorilib ketishining oldini olish imkonini beradi.

Jizzax viloyatida sinovdan o‘tkazilayotgan, mahalliy "Jizzax" brendi ostida ishlab chiqarilgan yangi seyalka qishloq xo‘jaligida muhim innovatsiya hisoblanadi. U g‘o‘zapoyani o‘rib, bug‘doyni ekadigan bir nechta agrotexnik jarayonlarni birlashtirib, fermerlar uchun vaqt va resurslarni tejash, mehnat samaradorligini oshirish hamda yuqori hosildorlikka erishishga imkoniyat yaratmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA