Go‘zallik simfoniyasi
Mana, ozroq vazminlik, sokinlik ila tashrif buyurgan kuz ham atrof-javonibga hukmronlikni o‘z qo‘liga olmoqda.
Fasllarda hikmat ko‘p. Ammo kuzda tabiatning betakror falsafasi aks etadi. Kecha yam-yashil bo‘lib “qo‘shiq aytib turgan yaproqlar” sarg‘ayib, arzimas shabadada ham bandlaridan chirt-chirt uzilib oyoqlar ostiga chirpirak bo‘lishi, yomg‘ir tomchilari ila tuproqqa belanib “yo‘qlikka yo‘l olishi” hayot, umrning omonat-g‘animatligi, ko‘p narsalarga ulgurish uchun fursat, vaqtning qadriga yetish kabi o‘kinch, armonlarni esga solaveradi.
Hademay, bu fasl butun bo‘y-basti bilan o‘zini namoyon qiladi. Ana unda ko‘rasiz: bog‘-rog‘lar oltin ranglarda tovlanadi, suvlar tiniqlashib, osmon yerga qarab og‘gandek oqshomlari yulduzlar charaqlab nur sochib turadi, dillarni sohir tuyg‘ular egallaydi. Ko‘cha-ko‘yda yoki yo‘lak bo‘ylab ketayotib ham o‘zingizni xuddi jonli suratlar galereyasida yurganday his qilasiz.
Kuz – shunchaki hikmatlar fasli emas. U yetuklik davri ham. G‘alvir suvdan ko‘tariladigan palla. Soyasi – jonga, mevasi – tanga darmon daraxtlar yer va quyoshdan oladigan bor quvvatni o‘ziga singdirgan. Yaqinlashsangiz, sezasiz – asablar orom oladi, taralayotgan yoqimli iforlardan kayfiyat ko‘tariladi, jismu joningizda yengillik yuguradi.
Ha, bu faslda tabiat qo‘yniga chiqsangiz – keng yaylovlar, daryolar bo‘ylari, tog‘larga yondosh archazorlarga sayr qilsangiz, jismingiz va ruhingizni davolagan bo‘lasiz. Kuzgi sayr – tabibning xapdorisiga o‘xshaydi.
Uning ranglar uyg‘unlashadigan, jamlanadigan turfa jilosiga oshiq bo‘lganlar qancha... Yomg‘ir shig‘alab yog‘ayotganda kitob mutolaasiga kirishadiganlar, ruhi kuzakning uyg‘oq shabadalaridan quvvat oladiganlar qancha... Birovlar mahzun damlari o‘ziga quchoq ochgan, qalbiga hamohang fasl bo‘lganligi uchun uni qadrlaydi. Zahiriddin Muhammad Bobur “Xazon yafrog‘i yanglig‘ gul yuzung hajrida sorg‘ordim” deya kuzning inson ruhiyatiga ta’sirini ajib tarzda chiza olganini eslang. Hofizlarimiz ovozida u yanada yuksaklarga ko‘tariladi. Kuz, bu – sog‘inch ham...
Kuz menga qo‘lni – mehnat, qalbni – mehr-muhabbat, aqlni – maqsad, xotirani – foydali ilm, kelajakni esa umid bilan to‘ldirish kerakligiga da’vat qilaveradi.
O‘zbekiston kuzini dovonlar osha ot choptirib kelayotgan epchil chavandozga qiyoslayman. U qorli-qirovli, sumalakli-jamalakli, saraton taftida ko‘pchigan tuproqli yo‘llar osha tubiga igna tushsa ko‘rinuvchi zilol suvli sunbulaga yetib kelguncha yer ham quyosh artofini bir aylanib ulguradi. Yer hisobida kecha-kunduzli uch yuzu oltmish besh kunning 90 kunida O‘zbekiston chehrasida turfa ranglar jilvalanadi. Fazo sahrosida lahzada 30 kilometr tezlikda harakatlanayotgan Yer sayyorasining Markaziy Osiyodagi bir bo‘lagida har yili kuzda oq rang paydo bo‘ladi.
Bu oqlik bulut yoki tuman emas, balki jannatmonand diyorimizning tinim bilmas, har daqiqani g‘animat biladigan barakali kasb egalari bo‘lmish bobodehqonlarimiz, mirishkor bog‘bonlarimiz, serg‘ayrat fermerlarimiz va qishloqlarimizdagi minglab mehnatkashlarning qadoq qo‘llari doyaligida yetilgan xosiyatli ne’mat – oq oltinlarimizdir. Purviqor paxta xirmonlari Oltin Kuz farzandlaridir. Lo‘ppi-lo‘ppi, oppoq momiq tolalarni chanoqdan ajratib olar ekansiz, beg‘uborligi, mayinligi bilan butun kenglikni qoplagan oqlik ko‘nglingizga ajib bir zavq bag‘ishlaydi.
“Ekzotika” degan so‘z bor. Bu kalom bizning “antiqa” so‘zimiz ma’nosini beradi. Bir guruh xorijliklar bizning paxta dalalarimizni ko‘rib, hayratlanib bir-birlariga “Ekzotika! Ekzotika!” deb hayqirishlari va oppoq paxtazorlarda tushgan rasmlarini eng noyob manzara sifatida baholashlari ham bejiz emas.
Ha, bebaho boyligimiz – paxtamiz yurtimiz jamolini osmonlarga ham ko‘z-ko‘z qiladi, O‘zbekiston kuzining o‘xshashi yo‘q timsoli bo‘lib jahonni hayratlantiradi.
Oltin kuz fasli kelishi bilan daraxtlar keyingi yil uchun kuch to‘plash maqsadida, o‘zining yashil olamini xazonrezgilikka bo‘shatib beradi. Qaysidir ma’noda, daraxtlar ham bizga saboq beradi. Shoxlardan uzilib tushayotgan har bir barg – yaproqda go‘zallikni ko‘ra olgan odam, tabiatni ham sevadi.
Kuzda daraxt shoxlaridan uzilgan yaproq o‘rnida bir juft kurtak bunyod bo‘ladi. Bilasizmi, daraxtlar bahorda ko‘z yoradigan kurtaklarini aslida kuzda dunyoga keltiradi. Demak, kuz – hayot davomiyligidan darak berguvchi fasl.
Odatda, biz atmosfera havosining ifloslanib ketayotganidan noliymiz. Lekin uning ifloslanishida insonlarning ta’siri katta ekanligini o‘ylab ko‘rmaymiz. Manzarali va mevali daraxtlardan to‘kilayotgan barglarini yig‘ib to‘plash va kerakli joylarga olib borib tashlash ortiqcha tashvishdek tuyulib, ayrim fuqarolar tomonidan shox-shabbalarni yoqib yuborish holatlari kuzatiladi. Afsuski, yonayotgan xazondan chiqadigan zararli tutun nafaqat atrof-muhitga balki, inson salomatligi uchun xavfli ekanini statistik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Bargixazonlarni yoqib, tabiatni zaharlagandan ko‘ra, uni yig‘ib, maxsus chiqindixonalarga chiqarib komposlash yo‘li bilan mahalliy o‘g‘it olib, keyingi yilda qishloq xo‘jaligida o‘g‘it sifatida qayta ishlatish ma’qul emasmi?..
Odamzotga shirin xayollar og‘ushida bo‘lish imkoni berilgan. Bu ham insonga tasalli beradigan katta omillardan biri deyish mumkin. Ayniqsa, yozning qaynoq damlari ortda qolib, kuzning salqin saharlariga duch kelganimizda va daraxt barglariga sariqlik inganini ko‘rganimizda beixtiyor xayolga cho‘mamiz. Shuning uchun aytsalar kerakda, sunbula sarhisoblarga boy vaqt deb...
Umrimiz kitobining takrorlanmas sahifalarini qanday xotiralar bilan to‘ldirishimiz o‘zimizga bog‘liq. Kimlardir og‘ir vaziyatga tushib qolganda yordam qo‘lini uzata oldikmi, nechacha dardman ko‘ngilga malham bo‘ldik, o‘z qishlog‘imiz, shahrimiz, Vatanimiz rivojiga zig‘ircha bo‘lsa ham hissa qo‘shdikmi?..
Bu kabi savollar bilan yuzma-yuz kelganimizda beradigan jo‘yali javobimiz bormi?..
Hayotda o‘lchovni qanday mezonlarga asoslanib belgiladik?
Shu o‘rinda bir donishmandning quyidagi hikmatli o‘gitini eslashni o‘rinli deb bildim. Hazrati Xoja (ya’ni Abduxolik G‘ijduvoniy)dan: “Dilning farog‘ati nimada hosil bo‘lur?” deb, so‘rashganda, u kishi: “Dilning farog‘ati – uning tasfiti, ya’ni pokligidadir. Agar ul dilga dunyo molidan zarra tama’ bo‘lmasa, dil farog‘atda bo‘lur” degan ekanlar.
Dam olish kunlari oilaviy tog‘-yon bag‘riga otlandik. Yo‘lda mashina oynasidan termulib ketayotgan o‘g‘lim birdan shoshib:
– “Onajon, qarang chiroyliligini! Kuzda ham daraxt gullabdi. O‘qituvchimiz daraxtlar faqat bahorda gullaydi, degandilar-ku”, deydi.
O‘g‘limga: “Bu daraxt emas, buta, uni yulg‘un deyishadi. Kuzda mana shunday rangga kiradi” deb, – javob beraman.
Ehtimol, o‘g‘lim kuz deganda birin-ketin o‘tib borayotgan keng paxtazorlar, kungaboqar, makkajo‘xori, g‘alla ekilgan dalalar, polizu sabzavot maydonlari, bog‘u-rog‘larni o‘z nazarida ulkan savatda ham gul, ham meva-cheva, paxta-yu don – xullas, o‘zi bilgan barcha noz-ne’matlarni ko‘tarib olgan kelbatli Kuz boboni tasavur etgandir.
Ha, yurtimiz tuprog‘i serunum. Mezon shabadalari bag‘rida oftob nurlariga to‘yinib, totli quvvatga to‘lib pishgan sarxil ne’matlardan bozorlarimiz obod, to‘kin-sochin. Kechagina ro‘zg‘orimizda bo‘shab turgan shisha idishlarini bugun meva-cheva sharbatlari, murabbolar bilan to‘ldirayotgan qiz-juvonlarimiz qoshlariga o‘smani qalin qo‘yayotib, hazilomuz, aslida mantiqli shunday xirgoyi qiladi: “Kuz o‘smasi ko‘klamgacha...”.
Kuzda erta bahorda boshlangan ishlar, mehnatlar sarhisob qilinadi. Aniqrog‘i, tanti dehqon bobolarimizning hosil cho‘g‘idan xotirjam tortib, yuzlariga tabassum yugurganida, aniq-tiniq ishlaydigan kalkulyator deb ataluvchi hisoblagichga ishonmay eski cho‘ti bilan kichkina xonasida daromadlarini xomcho‘t qilib o‘tirganini kuzatganimizda, “xo‘sh, xo‘sh” deya har zamonda salmoqli raqamlarni ohista tilga olayotganida oylar davomida tin olmay qilgan halol mehnatlarining shukronasini eshitganday bo‘lamiz.
Xalqimizning kuzda g‘azanak ham yozda pishgan “obinovvot” bilan tenglashadi degan gapida jon bor. Bugun hatto tikonli-nishli yantoq ham don-urug‘ bog‘lagan. Erta qahratonda bu tikonli ozuqa chorvalarning to‘yimli yemishiga aylanadi. Bu, O‘zbekistonning yantog‘ida ham rizq bor, nasiba bor degani.
Bu yilgi hosilimiz ham keyingi yillardagi farovon hayotimiz garovidir. Xirmonlarimiz yuksaklarga bo‘y cho‘zishini, mirishkor dehqonlarimizning Vatan, xalq, millatimiz oldida hamisha yuzlari yorug‘ bo‘lishini tilab qolamiz.
Madina Zufarova,
“RENESSANS TA’LIM UNIVERSITETI”
Filologiya va tillarni o‘qitish
fakulteti talabasi,
O‘zA