Go‘zallik qalblarni bir joyga jamladi
Yurtimizda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi “Andijon viloyati Bobur shahrida rassomlar festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori shubhasiz, ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘taradi.
Ko‘p yillarda buyon rassom sifatida ish olib boraman, ko‘plab tanlovlarda ishtirok etdim. Yurtimizning qator hududlarida, xorijiy davlatlarda shaxsiy ko‘rgazmalarimni namoyish etganman. Ochig‘i, bunday nufuzli festivalning o‘tkazilishi, soha rivojiga qaratilgan e’tibordan behad quvonaman.

Beshta yo‘nalish – “Gran-pri”, “Eng yaxshi rangtasvirchi rassom”, “Eng yaxshi haykaltarosh”, “Eng yaxshi fotorassom”, “Eng yaxshi grafik rassom” nominatsiyalari bo‘yicha o‘tkaziladigan mazkur festival yurtimiz tasviriy va amaliy san’at ustalari uchun tom ma’noda ilhom manbaiga aylanadi, ko‘pdan-ko‘p yosh iste’dodlarni kashf etadi.
Festival mo‘yqalam ahli, ayniqsa, yosh musavvirlarga o‘z iste’dod, mahorat va salohiyatlarini yuzaga chiqarish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Qolaversa, yurtdoshlarimizga musavvir va amaliy san’at ustalari ijodi bilan yaqindan tanishish, go‘zal musavvirlik asarlaridan bahramand bo‘lish imkonini berdi. Shu bilan birga, qalblarimizda tasviriy san’atga hurmat, go‘zallikka oshuftalik tuyg‘ularini mustahkamlaydi.
Murod Umar, musavvir,
“Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni sohibi.
O‘zA.