Buxoro viloyati bugun tom ma’noda ulkan qurilish maydoniga aylangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hududda “Yagona buyurtmachi xizmati” DUK buyurtmachiligida 3,5 trillion so‘mlik 590 ta ijtimoiy soha va boshqa turdagi ob’ektlar qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 24 dekabrdagi “Buxoro viloyatida sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 48 ta va 2024 yil 25 dekabrdagi “2025 – 2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan 13 ta ob’ektlarda keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.
Xususan, Buxoro tumanining viloyat markaziga yondosh “Bog‘idasht” mahalla fuqarolar yig‘inidan ajratilgan 44 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etilmoqda. Mazkur massiv o‘tgan yillarda G‘ijduvon hamda Qorako‘l tumanlarida barpo etilgan shu kabi shaharsozlikning noyob va namunali andozalaridan biri sifatida qad rostlashi maqsad qilingan.
[gallery-24859]
– Massivda 111 ta ko‘p qavatli uylar qo‘rish rejalashtirgan. Joriy yilda 504 ta xonadondan iborat uylardan tashqari yana 500 ta qo‘shimcha ya’ni 1000 ta xonadonni topshirish reja qilingan. Tashkil qilinayotgan “Bog‘idasht” massivi shahar ichida zichlashib qolgan ko‘p qavatli uylarning qurilishi kamaytirilib, kommunikatsiya tarmoqlariga yuklamalarni kamaytirish maqsadida tashkil qilingan. Massivda shunday yondosh hududda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i ham joylashgan, – deydi Buxoro viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Sohibjon Jumayev.
– “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi eng go‘zal manzarani aks etuvchi bir yarim gektar maydonda turkiyalik hamkorlar bilan sun’iy ko‘lda qurilish ishlari olib borilmoqda, – deydi Yangi O‘zbekiston bog‘ini tashkil etish direksiyasi direktori Alisher Xoliqov. – Bog‘da uzunligi 160 metrdan iborat bo‘lgan favvorani o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda montaj ishlari olib borilmoqda.
2024-2027 yillarda qurib bitkazilishi mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston” massivida loyihaga asosan 6 874 xonadonli 111 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etiladi. Shu jumladan, hududda aholi talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib 990 o‘quvchi o‘rniga ega umumta’lim maktabi, 180 nafar o‘g‘il-qizni o‘z bag‘irga oladigan maktabgacha ta’lim muassasasi, shuningdek, kuniga 250 qatnovga ega oilaviy tibbiy poliklinika, sun’iy chim qoplamali kichik futbol va sport maydonchalari, yoshlar kovorking markazi, savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ekobozor va boshqa inshootlarni qurish mo‘ljallangan.
Prezidentimizning 2024 yil 30 apreldagi “2024 yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan ushbu jarayonlar ham mamlakatimizda uy-joy sohasidagi faoliyatni tartibga solinish imkonini beradi. Qurilish sohasida borayotgan ishlarni samarali tashkil etish, zamonaviy andozalar asosida shaharsozlik qoida-me’yorlariga mos “Yangi O‘zbekiston” massivlari va shinam ko‘p xonadonli uylar qurish ko‘lamini kengaytirish, bunda ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyiha bugungi shaharsozlikning o‘ziga xos ko‘rinishi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mazkur “Yangi O‘zbekiston” massivi tarkibida umumiy hisobda 3 ta 10 qavatli turar joy inshooti bunyod etilishi va ulardan jami 198 ta xonadon yosh oilalarga berilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, hududda 94 ta 9 qavatli imorat qurilishi loyihalashtirilgan bo‘lib, jami 5914 ta xonadonga ega bu turar joy uyga ehtiyojmand oilalarga uzoq yillik ipoteka kredit asosida taqsimlab beriladi. Buxoroliklar ko‘z o‘ngida qad rostlayotgan bu majmua chin ma’noda quruvchilarning xalqimizga yana bir tuhfasi, deyish mumkin.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.