Go‘zal MAHMUDOVA: “Yosh tarjimonlar kelajakda vatandoshlarimiz va butun dunyoni Yangi O‘zbekiston haqidagi yangiliklar bilan ta’minlashi kerak”
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy va tezkor xabarlarni tarqatishda salmoqli tajribaga ega. Unda berilayotgan axborotlar aniqliligi va ishonchliligi bilan mahalliy va xorijliklarning hamisha e’tiborini tortadi.
Bugungi kunda agentlik tomonidan tarqatilayotgan axborotlar 9 tilga tarjima qilinadi va uza.uz saytiga joylab boriladi. Shuningdek, axborotlar o‘zbek va rus tillarida ommaviy axborot vositalariga – gazetalarga uzatiladi.
Ta’kidlash kerakki, Tarjima tahririyati faoliyati agentlikka milliy maqom berilgandan keyin yanada rivojlandi. Ushbu tahririyat to‘qqiz tilga o‘giruvchi mohir tarjimonlarni jamlagan.
Tarjimonlar orasida jamoada o‘zining tajribasi va uslubi, badiiy tarjima ustasi sifatida hurmat qozongan Go‘zal Mahmudova ham bor.
Go‘zal Mahmudova ko‘p yillik tarjimonlik faoliyati davomida mamlakatimiz va O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan munosabatlari haqida yozilgan maqolalarni rus tiliga tarjima qilishda o‘ziga xos maktab yarata oldi. Go‘zal opaning ana shunday mehnati hukumatimiz tomonidan e’tirof etilib, 2018 yilda unga yuksak mukofot – “Do‘stlik” ordeni berildi.
Ayni paytda Go‘zal Mahmudova qizg‘in mehnatda. Yosh tarjimonlarni yetishtirish va ularga ustozlik qilishda ham Go‘zal opa alohida mas’uliyat bilan yondashadi. Shu sababli, u bilan birga ishlaydigan har bir yosh tarjimon uchun ustozning o‘gitlari katta saboqdir.
Go‘zal Mahmudova yosh tarjimonlarni yetishtirishda O‘zbekiston Milliy axborot agentligining o‘rni nihoyatda katta ekanini quyidagicha ta’kidlaydi:
– O‘zA – O‘zbekistonning asosiy axborot agentligi. Fikrimcha, yurtimizning har bir fuqarosi agentligimiz tarqatadigan yangiliklarni katta qiziqish bilan kuzatadi. Shuningdek, materiallarimizni yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlar, bu yerda faoliyat yuritayotgan diplomatik missiyalar, xorijiy kompaniyalar vakillari, yaqin va uzoq davlatlardagi fuqarolar ham o‘qib borishadi.
Biz bu qadar keng doiradagi kuzatuvchilarni axborot bilan ta’minlash maqsadida uni ona tilimiz va xorijiy tillarda uzatishga harakat qilamiz. Tarjima tahririyatida ishlaganim bois, shuni ishonch bilan ayta olamanki, axborot agentligida turli sohalarga oid materiallarni tez, bexato tayyorlay oladigan mohir tarjimonlar guruhi shakllangan.
Agentlikdagi qariyb 28 yillik ish tajribamdan kelib chiqib, bizning jamoamiz puxta shakllangan maktab bo‘lib, bu yerga jurnalistika va tarjima nazariyasi fakultetlarining talabalari o‘z nazariy bilimlarini mustahkamlash uchun tez-tez maslahat so‘rab murojaat qilishlarini ishonch bilan qayd etishim mumkin.
Biz ularga har tomonlama yordam ko‘rsatishga doim tayyormiz, chunki ular – bizning vorislarimiz bo‘lib, kelajakda vatandoshlarimiz va butun dunyoni Yangi O‘zbekiston haqidagi yangiliklar bilan ta’minlashi kerak.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.