G‘oyadan ixtirogacha: Yosh muhandislar bilan kelajakka qadam (+video)
Bugungi kunda texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir sharoitda yoshlarning innovatsion g‘oyalari amaliyotga tatbiq etilayotgani quvonarli holat. Ayniqsa, robototexnika yo‘nalishidagi izlanishlar nafaqat ilm-fan, balki jamiyat xavfsizligi va texnologik taraqqiyot uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari tomonidan ishlab chiqilayotgan bir qator robotlar buning yaqqol namunasidir. Loyihalar ustida turli kurs talabalari, yosh muhandislar ish olib bormoqda.
Shunday loyihalardan biri — yong‘inni aniqlash va o‘chirishga mo‘ljallangan avtonom robot. U maxsus sensorlar orqali olovni erta bosqichda aniqlab, unga yaqinlashadi va avtomatik ravishda bartaraf etishga harakat qiladi. Bu esa inson omilini kamaytirish, ayniqsa xavfli hududlarda xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Yana bir yo‘nalish — robotlar janglari uchun ishlab chiqilayotgan qurilma. Ushbu robot belgilangan talablar, jumladan 70 kilogrammgacha bo‘lgan vazn doirasida yaratilmoqda. Bellashuv jarayonida robotlar bir-biriga qarshi kurashib, raqibini to‘liq ishdan chiqargan ishtirokchi g‘olib deb topiladi.
Uchinchi yo‘nalish esa xalqaro maydondagi yutuqlar bilan bog‘liq. Jumladan, FIRST Global Challenge musobaqasi doirasida ishlab chiqilayotgan robotlar alohida e’tiborga loyiq. Ushbu musobaqada robotlar maxsus sharlarni yig‘ib, belgilangan nuqtalarga joylashtirish orqali ball to‘playdi. Ayrim hollarda robot ushbu ob’ektlarni aniq nishonga, masalan basketbol kabi uloqtirish funksiyasiga ham ega bo‘ladi.
Yoshlar ta’kidlaganidek, har bir katta ixtiro oddiy g‘oyadan boshlanadi. Bugungi kichik qadamlar esa ertangi katta yutuqlarning poydevoridir.
<iframe width="815" height="458" src="https://www.youtube.com/embed/8C9l4_Cak6s" title="G`oyadan ixtirogacha: Yosh muhandislar bilan kelajakka qadam " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
O.Davronov (video), A.Ahmedov (montaj), O‘zA