G‘ova – tog‘lar bag‘ridagi qadimiy qishloq
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatidagi G‘ova qishlog‘i Chust tumanining shimoliy qismida, qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegara hududda, tog‘ oralig‘ida joylashgan. Qishloq Chustning eng qadimiy va navqiron qishloqlaridan biri.
G‘ova qishlog‘i azaldan shifobaxsh havosi bilan shuhrat qozongan. Tog‘lar bilan o‘ralgani uchun qishloqning nomi “g‘ov”, “g‘ovak” so‘zidan kelib chiqqani haqida rivoyatlar mavjud.
Qadimgi vaqtlarda Chust atrofidagi barcha yerlarga obihayot olib kelish uchun g‘ovasoy birgina manbaa bo‘lgani, qishloqning shuhratli bo‘lganidan anglatadi. Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida G‘ovada bir muddat bo‘lganini yozadi.
G‘ova qishlog‘i yaqinidagi adirli yerlarda toshdan yasalgan gumbaz mozor mug‘xonalarni ochib, tekshiruv ishlari olib borilganida eramizning III va IV asrlariga doir shunday mug‘xonalarning birida bir tutam paxta ipi va chigit qoldig‘ining topilishi qishloq qadimiyligini bildiradi.
Bu yerda aholi asosan dehqonchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik va asalarichilik bilan shug‘ullanadi. Qishloq kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan bo‘lib, G‘ovada kartoshka ekmaydigan xonadonni topish amrimahol. Bu ekin shunchalik ko‘p ekilganidan mavsumda qishloq hududida kartoshkani ulgurji sotuvchi alohida bozor tashkil qilinadi. Dehqonlarning aytishicha, ba’zida bu bozordan kuniga 500 tonnagacha kartoshka boshqa hududlarga sotilar ekan.
Bugungi kunda G‘ovaning mavjud beshta mahallasida 20 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Qishloq hududining katta qismi tog‘ bilan tutashib ketgani, qishloq o‘rtasidan soy oqib o‘tgani va aholi tomonidan ko‘plab daraxtlar ekilgani hududning salqin havosini ta’minlaydi. Shu bois, yozning issiq kunlarida Andijon, Farg‘ona hamda Namanganning boshqa tumanlaridan sayyohlar G‘ovaga dam olish uchun keladi.
G‘ova qishlog‘idagi har bir lahza tabiat go‘zalligi va hayot uyg‘unligini yaqqol ifoda etadi. Turizm salohiyatiga ega bo‘lgan hudud so‘nggi yillarda sayyohlar va tabiatsevarlar e’tiborini yanada ko‘proq tortmoqda.
G‘ovaning ana shunday go‘zal va betakror manzaralarini quyidagi fotolavhalar orqali ko‘rishingiz mumkin:
[gallery-29850]
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA