Ularni faxriy kurashchimiz hayratga soldi
Shu kunlarda Gonkong televideniyesining bir guruh ijodiy xodimlari xizmat safari bilan yurtimizda mehmon boʻlib turishibdi. Safardan koʻzlangan asosiy maqsad – milliy iftixorimizga aylangan oʻzbek kurashi haqida “The legend of martial arts – Kurash” (Kurash – harbiy sanʼatlarning afsonasi) deb nomlangan hujjatli film yaratish. Oʻzbekiston kurash federatsiyasi bu yoʻlda gonkonglik teleijodkorlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlamoqda.
Oʻtgan haftada Toshkentga yetib kelgan Gonkong televideniyesining ijodiy xodimlari dastavval milliy terma jamoamiz mashgʻulotlarini tasvirga oldi. Shuningdek, mehmonlar Xalqaro kurash assotsiatsiyasining asoschi raisi, Oʻzbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, zamonaviy kurash qoidalarini yaratgan Komil Yusupovdan intervyu oldi.
Ayni paytda Gonkong televideniyesi xodimlari Buxoro shahrida boʻlib oʻtayotgan kurash boʻyicha Prezident sovrini uchun hazrat Bahovuddin Naqshband xotirasiga bagʻishlangan ilk xalqaro turnirni tasvirga olmoqda.
Riv Tang (Gonkong): Maqsadimiz – kurash falsafasi, undagi umuminsoniy qadriyatlarni tarannum qiluvchi hujjatli film yaratish. Kurash haqida ayrim maʼlumotlarga egamiz, negaki uni Gonkongda ham yaxshi biladi, sababi ushbu sport turi vatanimizda dzyudo, sambo kabi yakkakurash turlari bilan birgalikda rivojlanib bormoqda. Oʻzbekistonga kelishdan maqsadimiz – kurash vataniga kelib uning boy tarixi, qadriyatlari, falsafasini yaqindan oʻrganish. Oʻzbekiston kurash federatsiyasida boʻlib, Komil Yusupov bilan juda mazmunli suhbat uyushtirdik. Buxorodagi tasvirga olish ishlarimiz ham samarali boʻlmoqda. Ayniqsa, Qorakoʻl tumanida faxriy kurashchi Nurmuhammad Yusupovning 74 yoshida 30-marta turnikka tortilishi bizni hayratga soldi. Shu yoshida bunday jismoniy tayyorgarlikka ega boʻlish uchun kishi muntazam oʻz ustida ishlashi, sogʻligi haqida qaygʻurishi talab qilinadi. Shuningdek, kurashning Vatani boʻlgan Buxoroda kurash mutaxassislari va kurashchilar bilan intervyular uyushtirayapmiz. Bu bizga oʻz maqsadimizga erishishda qoʻl keladi.
Gonkong televideniyesi xodimlari bugun Buxoro ramziga aylangan Ark majmuasida ham tasvirga olish ishlarini davom ettirishdi.