G‘olib va sovrindor sportchilar taqdirlandi
Buxoroda Osiyo chempionatida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar va ularning murabbiylarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Birlashgan Arab Amirligining Al’-Ayn shahrida joriy yil 27 avgust 10 sentyabr kunlari boks bo‘yicha kichik o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida yurtimiz sportchilari yuqori natijalarga erishdi. G‘oliblar orasida 7 nafar buxoroliklar ham bor.
Xususan, Maftuna Yangiyeva, Elyor Rustamov, Behruz Qurbonov, Jahongir Zayniddinov, Islom Salixov oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Muhammadali Istamov, Diyorbek Murodulloyev kumush medalga ega chiqdi.
[gallery-19268]
Tadbirda so‘nggi yillarda yurtimizda sport sohasida ulkan yutuqlar qayd etilayotgani e’tirof etildi. Bunda buxorolik sportchi va murabbiylarning ham hissasi katta. Xususan, Parij shahrida o‘tkazilgan olimpiya va paralimpiya o‘yinlarida viloyat sportchilarining ko‘rsatgan natijalari yana bir bor ta’kidlandi.
Shundan so‘ng g‘olib va sovrindorlar hamda ularning murabbiylari, qolaversa, Osiyo va jahon arenalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan qator turnirlar g‘olibi Odiljon Aslonov 10 million so‘mdan pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, Qozog‘iston davlatida bo‘lib o‘tgan chempionlar oqshomida 71 kg vazn toifasida IBA Osiyo kamari sohibiga aylangan Saidjamshid Jafarovga “Cobalt” avtomashinasi, uning murabbiysi Hamza Avezovga 30 million so‘m pul mukofoti tantanali topshirildi.
Tadbirda Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Maxmudov ham qatnashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari.