Globallashuv jarayonida islomni tushunish masalalari...
Yurtimizda buyuk allomalar merosini tadqiq etishni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida bir qancha xalqaro maqomdagi tadqiqot markazlari – O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi xalqimiz ma’naviy hayotida muhim voqelik bo‘ldi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida «Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi tomonidan «Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya o‘tkazildi.
Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Shuningdek, konferensiyada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro anjumanning yildan-yilga nufuzi oshib borayotganini ta’kidladi.
Anjumanda Oksford islom tadqiqotlari markazi professori Mustafo Usmon Amin, Rossiya Federatsiyasi Bulg‘or islom akademiyasi professori Muhammad Ayman Zahroviy, Sarbonna universiteti doktori Muhammad Toualbia, Turkiyaning Marmara universiteti professori Xulya Alper va ko‘plab xorijiy davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchi va magistrantlari ishtirok etdi.
Tadbirda «Islom tushunchasida globallashuv: muammolar va imkoniyatlar», «Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari», «Diniy ta’lim metodologiyasi hamda uning Vatanga muhabbatni o‘stirishdagi ahamiyati» kabi mavzularda ma’ruzalar muhokama etildi.
«bugungi kunda islomni qanday tushunamiz?», «Globallashgan dunyoda islom: vizuallik hukmronligi ostida ma’noning yo‘qolishi muammosi», «Moturidiya ta’limotida din va siyosat masalasi», «Islomda ijtimoiy muammolarga yechim topish an’analari hamda zamonaviy uslublar: iqtisodiy aspekt» kabi mavzulardagi ma’ruzalar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Konferensiyaga mahalliy va xorijiy olimlar va tadqiqotchilarining 100 ga yaqin maqolasi taqdim qilindi. Ulardan 20 ga yaqini xorij olimlari va tadqiqotchilarining maqolalaridir. Mazkur maqolalar tahrir hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, to‘plamga 70 dan ziyod maqola kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Ishtirokchilar e’tirofiga ko‘ra, mazkur xalqaro anjuman dinning mohiyatini teran anglashda, islom ta’limotini to‘g‘ri tushunish va anglashda, yoshlar ongida turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, «Jaholatni faqat ma’rifat bilan yengish mumkinligi» nufuzli olimlar va yosh tadqiqotchilar tomonidan alohida ta’kidlandi.
N.Usmonova, O‘zA