“GLOBAL TOUR 2026”: 7-bosqich g‘oliblari aniqlandi
Toshkentdagi “Universal Horses Stable” ot sporti majmuasida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “GLOBAL TOUR 2026” musobaqalar seriyasining 7-bosqichi o‘tkazildi.
Konkur yo‘nalishidagi bahslarda turli toifadagi chavandozlar belgilangan yo‘nalishlarda o‘z mahoratlarini namoyish qildi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, A toifasida Dilshod Shokirov “Quintus” laqabli ot bilan g‘olib bo‘ldi.
B toifasida Mirzohid Musayev “Pirana” bilan birinchi, “Mylord” bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Humoyun Abdullayev “United Touch” laqabli otida uchinchi bo‘ldi.
C toifasida Mirodil Mirshavkatov (“Risotto”) g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Sevinch Nazarova (“Leffe”) ikkinchi, Jalil Sobirov (“Wayland II”) uchinchi o‘rinni egalladi.

E toifasida Jasurbek Hotambekov (“Ragnar”) birinchi o‘rinni olgan bo‘lsa, Mumtozbegim Hakimova (“Golden Star”) va Mirzohid Musayev (“Coralla”) sovrindorlar qatoridan joy oldi.
F toifasida boshlang‘ich darajadagi chavandozlar o‘rtasida Nigina Jo‘raqulova (“Yangtze”) g‘olib bo‘ldi. Hasan Nodirov (“The Good Boy”) ikkinchi, Sardor O‘rinboyev (“El Verano”) uchinchi natijani qayd etdi.
Boshlang‘ich darajadagi otlar o‘rtasidagi bahslarda esa Ulug‘bek Usmonov (“Champions League 2”) birinchi, A’zam Tolibboyev (“Cornado”) ikkinchi, Bahodir Qodirjonov (“Silver Star”) uchinchi o‘rinni egalladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA