Don va non mavzusi hech qachon dolzarbligini yo‘qotmaydi. Gap xalqimizning risqu-ro‘zi haqida borar ekan soha olimlari oldida bu borada qator vazifalar turibdi.
U ham bo‘lsa istiqbolli yangi navlarni yaratish, global iqlim o‘zgarishlariga, suvsizlikka chidamli, serhosil va raqobatbardosh mahsulot tayyorlash.
Ushbu yo‘nalishda Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan muassasa tajriba maydonida qator ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ana shu tadqiqotlar natijasida bug‘doyning o‘ta tezpishar “Ultra” navi yaratilgani mamlakatmizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Darhaqiqat, yangi nav ekilgan maydonda nafaqat takroriy, balki asosiy turdagi ekin sifatida ham mo‘l hosil yetishtirish imkoni bor. Chunki bug‘doy odatda iyun oyida pishib yetiladi. Endilikda may oyida tayyor bo‘ladigan bug‘doy navi oldingi navlarga qaraganda qator ustunliklarga ega.
Joriy yilda respublika bo‘yicha 3 ming gektar maydonda tajriba-sinov sifatida ushbu yangi nav joylashtirildi. Natijalar kutilganidan ham ziyoda bo‘ldi. Ushbu ilmiy muassasada bo‘lib o‘tgan: “Boshoqli don, dukkakli hamda yem-xashak ekinlarining yangi navlarini yaratish va yetishtirishda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada dunyoning turli davlatlaridan tashrif buyurgan g‘allachilik ilmining namoyondalari sohadagi dolzarb muammolarga yechim izlab, erishilgan yutuqlari bilan o‘rtoqlashdilar.
- Ushbu institut Rossiyadagi Lukyanenko nomidagi Milliy don markazi bilan ko‘p yillardan buyon samarali hamkorlik qilib kelmoqda, - deydi Rossiyaning P.P.Lukyanenko nomidagi Milliy don markazi katta ilmiy xodimi Svirinko Vladimir. - Sizning seleksiya markazingiz O‘zbekistondagi ishonchli hamkorimiz hisoblanadi. O‘zaro sa’y-harakatlar tufayli O‘zbekistonda donchilik bo‘yicha oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlandi. Kamtarlikni bir chetga surib aytish mumkinki, aynan shu hamkorlik tufayli O‘zbekiston bugun don masalasida to‘liq o‘zini ta’minlagan. Biz bozordan non xarid qildik. Judayam mazali, bunday non va bu ta’mni dunyoning boshqa joyidan topolmaysiz.
Ha, haqiqatan o‘zbek bug‘doyi va uning noni yuksak darajada. Institutda esa turli navlardan iborat katta maydon — ko‘rgazmali tajriba maydoni yaratilgan. Juda boy kolleksiya yig‘ilgan. Biz uchun g‘oyatda yoqimli holat shundaki, ushbu kolleksiyadan o‘rin olgan navlarning ko‘pchiligi ustida hamkorlikda ilmiy izlanishlar qilganmiz. Bu navlar tufayli fermerlar yuqori hosil olishmoqda — nafaqat miqdor, balki sifat jihatidan ham. Aynan shu omillar tufayli hamkorligimiz mustahkamlandi.
Bug‘doyning o‘ta tezpishar “Ultra” naviga konferensiya ishtirokchilari, ayniqsa fermerlar tomonidan katta qiziqish bildirildi. Ular dalaning o‘zida bug‘doyning so‘nggi yillarda yaratilgan yangi navlari bilan tanishib, ularning hosildorligi, iqlim sharoitga moslashuvchanligi va agrotexnik xususiyatlari haqida nav mualliflaridan batafsil ma’lumot oldilar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5hw3m1AHthI" title="Global iqlim o‘zgarishlariga mos bug‘doy navi yaratildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA