13 noyabr kuni Samarqand shahridagi Kongress markazida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasining (UNCCD) bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi (CRIC21) boshlandi.
Yig‘ilish BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi tashkil etilganidan beri uyushtirilgan eng muhim tadbirlardan biri bo‘lib, Markaziy Osiyoda ilk bora o‘tkazilmoqda. Unda 196 ta mamlakatdan va Yevropa Ittifoqi, fuqarolik jamiyati va ilmiy doiralardan 500 ga yaqin vakil ishtirok etmoqda.
Sessiyaning ochilishiga bag‘ishlangan yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbir qatnashchilariga murojaatini Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboyeva o‘qib eshitirdi.
Murojaatda O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siri va ular keltirib chiqaradigan ijtimoiy, ekologik muammolarning og‘ir oqibatlarini to‘liq his qilayotgani qayd etilgan.
“Bugun biz bir avlodning ko‘z o‘ngida yo‘q bo‘lib borayotgan Orol dengizi global halokatining og‘ir oqibatlariga qarshi kurashyapmiz. Bu tahdidlarning barchasi va boshqa ko‘plab omillar nafaqat mintaqamizda, balki butun dunyoda aholi farovonligi va salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda, bu esa Barqaror rivojlanishning asosiy maqsadlariga erishish yo‘lida hamkorlikni yanada mustahkamlashni taqozo etmoqda.
[gallery-14552]
O‘zbekistonning joriy sessiya yakunlariga ko‘ra qum va chang bo‘ronlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish tashabbusi xalqaro ekspertlar hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishonaman” deb qayd etadi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, forum ishtirokchilariga BMT Bosh kotibi Antonio Gutterish ham murojaat yo‘lladi. Murojaatni BMT Bosh kotibi o‘rinbosari – Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiya (UNCCD) ijrochi kotibi Ibrohim Tiav o‘qib berdi.
Yalpi majlisda mazkur sessiya va uning ahamiyati yuzasidan Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiya ijrochi kotibi, 21-sessiya (CRIC21) raisi Ibrohim Tiav, O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda turli mantaqalar vakillari nutq so‘zladi.
– Dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan qurg‘oqchilik, o‘rmon yong‘inlari va jazirama to‘lqinlar bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan iqlim va tabiat inqirozlarining alomatlaridir, – dedi Ibrohim Tiav. – Ma’lumotlarga ko‘ra, 2015 yildan beri taxminan 4 million kvadrat kilometr unumdor yerlar – taxminan O‘rta Osiyo hajmiga teng maydon yo‘qolgan. Dunyo bo‘yicha sog‘lom va unumdor yerlarning yillik yo‘qotilishi taxminan 100 million gektarni tashkil qilmoqda. Biroq qo‘shimcha tanazzulni to‘xtatish va mavjud majburiyatlarning bajarilishini tezlashtirish belgilangan maqsadlardan oshib ketishi mumkin. 2030 yilga borib yerdan foydalanish bo‘yicha global maqsadlarga erishish uchun yerning keyingi degradatsiyasini zudlik bilan to‘xtatishimiz va kamida 1 milliard gektar maydonni tiklashimiz kerak.
– Dunyo uch tomonlama global inqiroz bilan kurashayotgan bir paytda yerga bo‘lgan munosabatimizni qayta ko‘rib chiqish dolzarb masala hisoblanadi, – dedi Aziz Abduhakimov. – Yerni sog‘lom saqlash iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish borasidagi sa’y-harakatlarimizda ustuvor vazifa bo‘lishi kerak. Mazkur tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi bejiz emas. Chunki mamlakatimiz yer degradatsiyasining barcha salbiy oqibatlarini – qurg‘oqchilik, qum va chang bo‘ronlaridan tortib qishloq xo‘jaligi ekinlari mahsuldorligi va biologik xilma-xillik yo‘qotilishigacha bo‘lgan holatlarni boshidan kechirmoqda. Shuning uchun ham atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlari masalasi O‘zbekiston hukumatining eng muhim strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Biz yer degradatsiyasining neytralligiga erishishga intilamiz va bu borada dastlabki natijalarni ko‘ryapmiz.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Osiyo mintaqasi va MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib, 1995 yilda BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan.
Tadbirda O‘zbekistonda global iqlim o‘zgarishlari, cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqidagi videolavha namoyish etildi.
Yalpi majlisdan so‘ng forum qatnashchilari Samarqand tumani Ohalik mahallasida “CRIC-21 GREEN PARK” – “CRIC-21 yashil bog‘i” barpo etish jarayonida qatnashdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021 yildan buyon mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda va har yili yurtimiz bo‘ylab bir necha million tup daraxt ko‘chatlari o‘tqazilmoqda. Shu paytgacha uy-joy massivlarida 1 ming 200 gektardan ortiq bog‘ va jamoat parklari, 1 million gektardan ziyod yashil hudud va qoplamalar barpo etildi. Joriy yil 25 oktyabrdan 1 dekabrgacha davom etadigan kuzgi daraxt ekish mavsumida 85 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Xususan, o‘rmon xo‘jaliklarida 5 million dona daraxt ekish, chiqindi poligonlari atrofida va yirik sanoat korxonalari hududida “yashil belbog‘” yaratish, dala chetlarida 20 million tup terak, tut va uzum, bog‘cha, maktab, oliy o‘quv yurtlari va shifoxonalar hududida 3,5 millionta ko‘chat o‘tqazish, Orolning qurigan tubida 100 ming gektarda “yashil qoplama”lar barpo etish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda davom etayotgan kuzgi daraxt ekish mavsumida Samarqanddagi xalqaro forum doirasida “CRIC-21” bog‘iga asos solindi.
Yangi bog‘da O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari – Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiya (UNCCD) ijrochi kotibi Ibrohim Tiav hamda xorijiy delegatsiyalar vakillari ko‘chatlar o‘tqazdi.
2,5 gektar maydonda tashkil etilayotgan “CRIC-21” bog‘ida 1200 tupdan ortiq sadaqayrag‘och, yapon saforasi, katalpa, shumtol singari o‘n turga yaqin daraxt ko‘chati ekildi.
Kunning ikkinchi yarmida sessiya bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z ishini davom ettirdi. Bu majlis va muhokamlarda Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyaning bajarilishi ko‘rib chiqildi.
Xalqaro forum davom etmoqda.
G‘olib Hasanov,
O‘zA muxbiri