“Global HackAtom”: G‘olib jamoalar aniqlandi
Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universiteti filialida “Global HackAtom” xalqaro talabalar chempionatining milliy bosqichi yakunlariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston va Rossiyadan atom sohasiga mas’ul mutasaddilar, mutaxassislar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar talabalarning bilim va salohiyatini oshirish, shuningdek, ularning xalqaro tanlov va musobaqalarda faol ishtirok etishida “Global HackAtom” kabi chempionatlarning muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Joriy yilgi musobaqada jami 20 ta jamoa ishtirok etdi. Talablarga ko‘ra, ishtirokchilar atom energetikasini rivojlantirish va u bilan bog‘liq ishlab chiqarish yo‘nalishlari uchun amaliy yechimlarni taqdim etdi. Shu bilan birga, an’anaviy yo‘nalishlar - issiqlik ta’minoti, izotoplar ishlab chiqarish va vodorod energetikasi bilan bir qatorda, jamoalar noan’anaviy yondashuvlarni ham taklif qildi. Jumladan, farmatsevtika sanoati, mineral resurslarni qazib olish, aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish hamda atom energetikasi atrofida yangi texnologik zanjirlarni shakllantirishga qaratilgan loyihalar alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi.
Nijniy Novgorod davlat texnika universitetining “Yadro reaktorlari va energetik qurilmalar” kafedrasi mudiri, professor Vyacheslav Andreyev taqdim etilgan ishlarning amaliy ahamiyati yuqori ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 20 ta jamoa loyihasi tahlil qilinib, atom elektr stansiyasi (AES) loyihasini yanada samarali qilish uchun qanday yo‘nalishlarni rivojlantirish zarurligi bo‘yicha aniq tasavvur shakllangan.
– Jamoalar asosan an’anaviy yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar berdi. Shu bilan birga, oltin ajratib olish, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, minerallar qazib olish, vodorodni aviatsiya yoqilg‘isiga aylantirish, yadro yoqilg‘isini yaratish hamda “BREST-OD-300” konsepsiyasi asosida yadro yoqilg‘isini qayta ishlash kabi noan’anaviy va juda qiziq loyihalar ham taqdim etildi, – dedi professor.

Musobaqaning muhim jihatlaridan biri, unda boshqa hududlardan kelgan talabalar ham faol ishtirok etganidir. Ular orasida Samarqand davlat universiteti talabasi Allamurod Hakimov ham bor.
– Biz Samarqand davlat universitetining sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar fakultetida tahsil olamiz. Bu xakaton biz uchun biroz g‘ayrioddiy bo‘ldi, chunki avval asosan startaplar va dasturlash yo‘nalishidagi loyihalarda qatnashganmiz. Bu safar esa mavzu fizika bilan bog‘liq edi. Hozirgi kunda suv muammosi dolzarb bo‘lgani uchun sho‘r suvdan toza suv olish bo‘yicha loyiha tayyorladik. Uni ishlab chiqish oson bo‘lmadi. Shunga qaramasdan, umumiy taassurotlarimiz juda yaxshi, – dedi u.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universiteti filialining “Synthesis” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ushbu jamoa joriy yil sentabr oyida Yekaterinburg shahrida o‘tkaziladigan “Global HackAtom”ning final bosqichida ishtirok etadi. Shuningdek, ikkinchi o‘ringa ham shu filialning “EFIVS” jamoasi munosib ko‘rildi.
Uchinchi o‘rin esa Toshkent shahridagi D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti filialining “PMCh” jamoasiga nasib etdi.
Tadbir yakunida g‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA