Global gender indeks reytinglarida O‘zbekistonning o‘rni qanday?
“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Global gender indeks reytinglarida O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini mustahkamlash masalalari” mavzusida tadqiqot o‘tkazildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tadqiqot 2022 yilning oktyabridan 2023 yilning mart oylarigacha amalga oshirildi.
Qayd etilishicha, “Global observatoriya” ilmiy markazi tomonidan 2016 yilda 200 dan ortiq indeks va reytinglar katalogi tuzib chiqilgan bo‘lib, shundan 30 ga yaqini u yoki bu darajada gender mavzusiga daxldor bo‘lgani sabab alohida guruhlarga ajratilgan.
O‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, “Ayollar, biznes va qonun” indeksining asosiy indikatorlari bo‘yicha 2020 yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha O‘zbekiston ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritilib, 5 pog‘onaga yuqorilab, dunyo davlatlari orasida 134-o‘rinni egalladi.
Biroq “Ayollar, biznes va qonun” indeksining 2021 va 2022 yillardagi hisobotlarida O‘zbekiston 190 ta davlat orasida 70,6 ball bilan qayd etilgan holda o‘rni o‘zgarishsiz qolib kelmoqda.
Ushbu indeks tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston quyidagi yo‘nalishlarda, jumladan “Ish joyi” ko‘rsatkichi bo‘yicha 50 ball, “Oylik to‘lov” ko‘rsatkichi bo‘yicha 25 ball, “Nikoh” ko‘rsatkichi bo‘yicha 80 ball, “Pensiya” ko‘rsatkichi bo‘yicha 50 ball, “Ota-onalik” ko‘rsatkichi bo‘yicha 60 ball to‘plagan. Qolgan “Harakatchanlik”, “Tadbirkorlik” hamda “Ko‘chmas mol-mulklar” kabi ko‘rsatkichlarning har biri bo‘yicha 100 balldan to‘plangan.
“Global ayollar, tinchlik va xavfsizlik” indeksining asosiy indikatorlari sifatida Parlamentdagi ayollar ulushi (28,7%), Ayollarning bandligi (48,7%), Ayollarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish qamrovi (36%), Ayollarning ta’lim olishining o‘rtacha davomiyligi (11,6 yil), Ayollarning uyali telefonlardan foydalanish darajasi (76,5%), Ayollarga nisbatan huquqiy diskriminatsiyaning yo‘qligi (70,6 ball), Diskriminatsion normalarning mavjudligi (32%), Yaqin hamkor tomonidan zo‘ravonlik (7,3%), Jamoat xavfsizligi (85,7%) bilan O‘zbekiston Respublikasi dunyo mamlakatlari orasida 74-o‘rinni egallagan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA