Giyohvandlik vositalari ushlab qolindi
Shu kunlarda Toshkent viloyati hududida “Sintetika, psixotrop moddalar hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish” tezkor profilaktik oyligi davom etmoqda.
Toshkent viloyati IIBB Tezkor qidiruv xizmati tomonidan, Bekobod shahar IIB, DXX hududiy bo‘linmasi va chegara xodimlari bilan hamkorlikda navbatdagi nazorat tadbiri o‘tkazildi. Unda 1992 yili tug‘ilgan N.N. va 1998 yili tug‘ilgan S.Sh. mazkur hududda “zakladka” ko‘rinishida yashirilgan 2 kilogramm “gashish” giyohvandlik vositasini (ekspertiza xulosasiga ko‘ra) belgilangan joydan olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, ushbu shaxslar Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali giyohvandlik vositasi joylashgan manzilini olgan va uni Toshkent shahrida sotmoqchi bo‘lgan. Qo‘lga olingan shaxslarga ko‘ra, mazkur giyohvandlik vositasining qora bozordagi taxminiy narxi 20 ming AQSH dollariga teng.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Musayev,O‘zA.