O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi raisi Ismatjon Azizov shu haqda ma’lumot berdi:
– O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2028 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya qabul qilingan.
Strategiyada belgilangan ustuvor maqsadlarga erishish, giyohvandlik va uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish orqali aholini, birinchi navbatda, yoshlar salomatligi hamda millat genofondini samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilangan.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 3 noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi keskin kurashish faoliyatini amalga oshirishga mas’ul davlat organlari va tashkilotlarining ustuvor vazifalari belgilandi.
Bu farmon mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurashish va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan muhim huquqiy hujjat hisoblanadi.
Unda profilaktika ishlarini kuchaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakolatlarini kengaytirish, tibbiy va psixologik reabilitatsiya markazlarini tashkil etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash kabi vazifalar belgilangan. Bu esa millat genofondini muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Farmon ijrosi jamiyat hayotida jinoyatchilik darajasini pasaytirish, aholi xavfsizligini oshirish, shuningdek, yoshlar orasida sport va madaniy tadbirlar kengaytirilishi orqali salbiy odatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Endilikda narkojinoyat sodir etgan shaxslarni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilmaslik yoki jazosini yengilrog‘i bilan almashtirmaslik tartibi joriy etiladi.
Ma’lumki, Jinoyat kodeksining 73 va 74-moddalariga asosan shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod etilishi yoki jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilishi mumkin. Biroq narkojinoyat sodir etgan shaxslar bilan bunday amaliyot qo‘llanilmaydi.
Har qanday narkojinoyatni voyaga yetmagan shaxsga nisbatan yoki uni jalb qilgan holda sodir etish javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat sifatida qayd etiladi. Shuningdek, ularni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Bundan tashqari, ta’lim tashkilotlari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlari yoki ularga tutash hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish uchun jazo 2 baravarga og‘irlashtiriladi hamda aynan ushbu joylarda voyaga yetmaganlarni mazkur moddalarni iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Narkotiklarning noqonuniy muomalasiga homiylik qilish, narkojinoiy uyushma yoki g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi va ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxslar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
Prekursorlarning noqonuniy muomalasi va ulardan foydalanish tartibini buzganlik uchun ham ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi. Mamlakatda sanoat va tibbiyotda foydalaniladigan kimyoviy modda (prekursor)larning narkotiklarni noqonuniy tayyorlash jarayoniga kirib borishining oldini olish maqsadida prekursorlar ro‘yxati xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda kengaytiriladi va uni soddalashtirilgan tartibda yangilab borish (to‘ldirish) mexanizmlari joriy etiladi. Prekursorlar ishlab chiqarilishi (xorijdan keltirilishi)dan boshlab realizatsiya qilinishi (tranzit, mahsulot ishlab chiqarishda foydalanish, sotish, saqlash, berish va boshqa)gacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qat’iy elektron nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi prekursorlar muomalasi ustidan tizimli nazoratni amalga oshiradi va ularning noqonuniy aylanmasi yuzasidan huquq-tartibot organlariga taqdimnoma kiritadi.
Mazkur farmon sog‘lom jamiyat qurish yo‘lidagi muhim qadam. Uning ijrosi nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar salomatligi va xavfsizligi uchun ham katta ahamiyatga ega. Shu bois, qo‘mitamiz tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birga farmon ijrosi bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA