Prezident farmoniga sharh
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning nazoratini amalga oshirish orqali ularning aholi salomatligi va genofondga salbiy ta’sirini bartaraf etishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni imzolandi.
Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2028-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya tasdiqlandi.
Quyidagilar Strategiyaning ustuvor maqsadlari sifatida belgilanmoqda:
– aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarda “giyohvandlikka qarshi immunitet”ni, o‘quvchi va talabalar orasida psixotrop moddalarni iste’mol qilishga murosasiz munosabatni shakllantirish (ta’lim muassasalarida yangi ta’sirchan targ‘ibot-tashviqot va tarbiyaviy-profilaktik mexanizmlarni joriy etish);
– aholiga sifatli narkologik yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish, giyohvandlikning barvaqt profilaktikasi, diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi tizimini tubdan takomillashtirish;
– giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasining yangicha, ayniqsa, internetdagi usullariga barham berish, bu boradagi tezkor-qidiruv, tergov va ekspert-kriminalistik choralar kompleksini rivojlantirish (birinchi navbatda raqamlashtirish orqali);
– tibbiyot muassasalari va dorixonalarning giyohvandlik vositalaridan foydalanish amaliyotini nazorat qilish, farmatsevtika korxonalari, giyohvandlik vositalarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi subyektlar mas’uliyatini oshirishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish;
– giyohvandlikni davolash va narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish (ilmiy izlanishlar, xulosalar, yutuqlar va yangiliklarni amaliyotga joriy etish hamda ommaga yetkazish).
Shu bilan birga, Bosh vazir raislik qiladigan Giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tuzilib, uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklandi:
– Strategiyaning to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish, uni amalga oshirish bo‘yicha yillik milliy dasturlarni tasdiqlash va ijrosini nazorat qilish, davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
– har uch oyda Strategiya va yillik davlat dasturi ijrosining tanqidiy o‘rganilishini, maqsadlarga erishishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash va oldini olishga qaratilgan aniq choralar ko‘rilishini ta’minlash;
– giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish, aholi orasida giyohvandlikning barvaqt profilaktikasi bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni belgilash.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi tashkil etilmoqda.
Milliy markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:
– narkovaziyatni hududlar kesimida ilmiy-amaliy va axborot-tahliliy jihatidan tizimli ravishda chuqur o‘rganib borish, asosiy omillar hamda tendensiyalarni aniqlash va prognoz qilish;
– giyohvandlik vositalarini nazorat qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
– mutasaddi davlat organlari tomonidan ko‘rilayotgan choralarning samaradorligini ekspert jihatidan baholash, bu borada yagona axborot almashinuvi va idoralararo hamkorlikni tashkil etish, xalqaro grantlarni jalb qilish orqali ularni zamonaviy texnik uskunalar bilan ta’minlash;
– xorijiy davlat tuzilmalari va xalqaro tashkilotlar bilan manzilli hamkorlikni o‘rnatish, O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan BMTga yillik ma’ruzalar tayyorlash;
– ilg‘or milliy va xorijiy tajribalarni doimiy o‘rganish hamda uning natijalarini joriy etish va ommalashtirish bo‘yicha metodika, taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish, mas’ul davlat organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv seminarlarini tashkil etish.
Milliy markaz Davlat komissiyasining muvofiqlashtiruvchi organi hisoblanib, uning faoliyatini axborot-tahlil jihatidan ta’minlab boradi hamda Prezident Administratsiyasi oldida hisobdor bo‘ladi.
Qabul qilingan farmonning ijrosi respublikamizda giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasining barvaqt oldini olish, aholida ularni iste’mol qilishga nisbatan “immunitet”ni shakllantirish orqali genofondimizga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish, giyohvandlikka chalingan bemorlarni tibbiy davolashning zamonaviy tizimini tashkil etish sohasidagi istiqbolli chora-tadbirlarni belgilash va qat’iy ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zA