Giyohvandlik moddasi savdosi fosh etildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda To‘rtko‘l tumani hududida giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish maqsadida tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida nazorat ostidagi shaxs bir dona oq qog‘oz parchasiga o‘ralgan sariq rangli, o‘tkir hidli, o‘rami bilan og‘irligi 2,14 gramm bo‘lgan “geroin” giyohvandlik moddasini 5 million so‘mga sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilar tomonidan to‘xtatib qolindi. Ushbu shaxs ko‘zdan kechirilib, uning chap qo‘lida yana bir dona oq qog‘oz parchasiga o‘ralgan sariq rangli o‘tkir hidli, o‘rami bilan og‘irligi 0,45 gramm bo‘lgan “geroin” giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.
Mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan ushbu fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.