Giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi profilaktik tadbirlar o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan “Giyohvandlik vositalarining yangi turlari va ularni davlat chegarasi orqali noqonuniy olib o‘tish usullari” mavzusida profilaktik tadbirlar tashkil etildi.
“Xo‘jayli” chegara hamda “Nukus” TIF bojxona postlarida o‘tkazilgan tadbirlarda giyohvandlik vositalarining zamonaviy ko‘rinishlari, shuningdek, davlat chegarasi orqali harakatlanuvchi fuqarolar hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari o‘rtasida giyohvandlik moddalarini noqonuniy olib o‘tishning og‘ir huquqiy va ijtimoiy oqibatlari yuzasidan batafsil tushuntirish berildi. Ushbu ishlar orqali aholining huquqiy ongi va mas’uliyatini oshirish, shuningdek bunday qonunbuzilishlarning oldini olishga qaratilgan ta’sirchan choralar ko‘rildi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida barcha jarayonlar shaffoflik asosida tashkil etilib, korrupsiyaga qarshi qat’iy nazorat o‘rnatilganligi qayd etildi. Bojxona xodimlari tomonidan mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, tamagirlik yoki boshqa qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda, fuqarolardan Bojxona qo‘mitasining hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining ishonch telefonlari orqali murojaat qilishlari so‘raldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri