26 iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni
Sarvar 25 yoshda. U ota-onasining yolg‘iz farzandi. Shu bois, ota-onasi uni yeru ko‘kka ishonmay katta qilgan. Maktabda hamma o‘rtoqlari unga havas bilan qarardi. Birinchi marta 20 yoshida do‘stlari unga “bir marta sinab ko‘rish”ni taklif qiladi. Sarvarning og‘uga bir martalik qiziqishi uni 5 yillik qiynoqqa soladi. Psixolog va shifokorlarning yordami, ota-onasining qo‘llab-quvvatlashi tufayli u sog‘lig‘ini qayta tikladi va og‘u domidan qutildi.
Hayotda Sarvar kabi holatga tushib, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, uning ta’siridan qanday qilib qutulishni bilmay yurganlar qancha! Axir giyohvand odam nafaqat o‘ziga, balki oilasiga, jamiyatga katta zarar yetkazadi. Uning oqibati yaxshilik bilan tugamaydi.
Xo‘sh, asr vabosi deb qaralayotgan og‘u domidan butunlay qutulish mumkinmi? Buning uchun qanday chora-tadbirlarga tayanish, kimlardan qanday yordam olish zarur?
Giyohvandga aylangan odam nafaqat o‘ziga, balki oila a’zolari, atrofidagi yaqinlariga ham zarar yetkazadi. Bu zarar nafaqat moddiy, balki ruhiy, axloqiy va ijtimoiy jihatdan ham og‘ir oqibatlarga olib keladi.
Giyohvand inson asabiy, toqatsiz va ruhiy beqaror bo‘ladi.
Shu bois uyda janjallar, zo‘ravonlik ko‘payadi. Bu esa er-xotin o‘rtasida ajrimga olib keladi. Eng og‘riqli tomoni giyohvand ota-onaning farzandi ruhiy bosimda, qo‘rquv va tushkunlikda o‘sadi. Atrofdagilar ham bunday oilalardan uzoqroq yurishga harakat qiladi.
Odamlarning giyohvandning bolasi degan qarashi farzandlar kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
– Giyohvand modda iste’mol qilishga ruju qo‘ygan odamga eng birinchi navbatda psixolog yordami zarur, – deydi psixolog Nozima Nosirova. – Psixologlar ko‘p takrorlaydigan bir jumla bor: “Jismoniy tozaliksiz foyda yo‘q, lekin ruhiy tozaliksiz tiklanish bo‘lmaydi.” Bunday bemorlarga eng avvalo, muomala qilishlari uchun yangi odamlar, mashg‘ulotlar, imkoni bo‘lsa yashash joyini o‘zgartirish tavsiya etiladi.
Sport, suzish, sevgan musiqasini tinglash, tabiatda ko‘proq sayr qilish, bolalar bilan vaqt o‘tkazish kabi mashg‘ulotlar unga yaxshi yordam beradi. Volontyorlik ham ruhiy azobda yurgan insonni ichki zo‘riqish, og‘riqlardan biroz bo‘lsa-da chalg‘itadi. Ko‘pchilik giyohvandlikdan qutulish qiyin, deb o‘ylaydi. Shifokorlar esa undan butunlay xalos bo‘lish mumkinligini baralla aytadi. Buning uchun eng avvalo, bemorning yaqinlaridan holatni bekitmaslik, darhol shifokor ko‘rigiga olib borish tavsiya qilinadi. Kasallik qancha ko‘p bekitilsa, avj olib, uni davolash qiyinlashadi. Ya’ni bemor tamoman og‘uning quliga aylanadi. Shu sababli kasallikning ilk belgilarini sezgan zahotiyoq bemorni davolash, unga yordam berish, hayotini qutqarib qolish choralarini ko‘rish kerak.
O‘zbekistonda giyohvandlikka qarshi kurash va davolash sohasida faoliyat yurituvchi narkologiya muassasalari tarkibida dispanserlar, reabilitatsiya markazlari va reanimatsiya bo‘limlari mavjud. U yerda ko‘plab narkolog-shifokorlar, psixologlar faoliyat yuritadi. Ularga murojaat qilib kasallikdan forig‘ bo‘lish yo‘llarini izlash kerak. Chunki giyohvandlik davolab bo‘lmaydigan dard emas.
N.Rahmonova, O‘zA