Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Gimnastikaga ilk qadam” musobaqasining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 23 dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan mazkur musobaqani o‘tkazishdan asosiy maqsad maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida gimnastika sport turi ommaviyligini oshirishdan iborat.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, “Gimnastikaga ilk qadam” musobaqasining tuman (shahar) bosqichi joriy yilning 11-20 may kunlari o‘tkazildi.
Mazkur bosqichda 5 ming 247 nafar tarbiyalanuvchi ishtirok etdi hamda ularning 332 nafari musobaqaning hududiy bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning hududiy bosqichi 21-30 may kunlari o‘tkazildi hamda ishtirokchilarning 27 nafari Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
“Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasida tashkil etilgan musobaqa sinovlari gimnastika bo‘yicha milliy va xalqaro toifadagi hakamlar tomonidan 20 ballik baholash mezoni asosida baholab borildi.
G‘olib ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Aytish kerakki, “Gimnastikaga ilk qadam” musobaqasining Respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabining 1-sinfiga kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi.
N.Usmonova,
O‘zA