Singapurda badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionati yakunlandi. Unda O‘zbekiston o‘smirlar va kattalar terma jamoasi umumiy hisobda 4 ta oltin, 6 ta kumush va 4 ta bronza medaliga ega chiqdi.
Kattalar o‘rtasida Taxmina Ikromova halqa va bulavada, Anastasiya Saranseva to‘pda, Mumtozabonu Ishoqzoda, Irodaxon Sodiqova, Evelina Atalyans, Amaliya Mamedova, Maftuna Zoirovadan iborat jamoamiz tasmada mashq bajarishda oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, Natalya Usova tasmada, 3 to‘p va 2 halqadagi guruh bahslarida esa terma jamoamiz kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Ushbu musobaqada ikkita oltin bilan cheklanmagan Taxmina Ikromova to‘pda mashq bajarishda bronza medalini terma jamoamizga keltirgan bo‘lsa, halqadagi bahslarda Anastasiya Saranseva kuchli uchlikdan joy oldi.

O‘smirlar orasida Viktoriya Nikiforova halqa, Sofiya Usova to‘p va tasmada mashq bajarishda kumush medalga sazovor bo‘ldi. 5 ta halqadagi guruh bahslarida esa Alana Hafizova, Milana Safina, Jasmin Yaxlakova, Yosina Jo‘rayeva, Zamira Xvalchevadan iborat termamiz ikkinchi pog‘onaga ko‘tarildi. Ushbu jamoamiz 5 juft bulava guruh bellashuvlarida bronza medaliga ega chiqdi. Yakkaliklar o‘rtasidagi bulavada mashq bajarishda Viktoriya Nikiforova shohsupaning uchinchi o‘rniga ko‘tarildi.
Mazkur natijalardan so‘ng, O‘zbekiston terma jamoasi avgust oyida Braziliyada tashkil etiladigan jahon chempionatida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA