Gimnastikachilarimiz Jahon kubogi sovrindori
Poytaxtimizda tashkil etilgan badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi yakunlandi.
Poytaxtimizda tashkil etilgan badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi yakunlandi.
O‘zbekiston, Armaniston, Avstraliya, AQSh, Belarus, Bolgariya, Chexiya, Misr, Malayziya, Moldova, Meksika, Italiya, Isroil, Latviya, Norvegiya, Rossiya, Sloveniya, Tailand, Ukraina, Estoniya, Yaponiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kabi davlatlardan 73 nafar kuchli gimnastikachi yakkalik va guruh bahslarida o‘zaro raqobatlashdi.
Guruh bahslarining 3 xalqa va 2 juft bulavada bajargan mashqida Rossiya termasi 1-o‘rinni egalladi. 5ta koptokda mashq bajarishda ukrainalik gimnastikachilar shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Guruhlar o‘rtasidagi ko‘pkurash bahslarida Dinara Ravshanbekova, Sofiyabonu Qosimova, Kamola Irnazarova, Kseniya Aleksandrova, Sevara Safoevadan tashkil topgan O‘zbekiston terma jamoasi beshta koptokda va 3 xalqa hamda 2 juft bulavada mashq bajarishda kumush medalni qo‘lga kiritdi. Mazkur yo‘nalishda Rossiya terma jamoasi oltin, Ukraina termasi esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Yakkaliklar o‘rtasidagi alohida predmetlarda mashq bajarishda rossiyalik Aleksandra Soldatova hamda Anastasiya Guzenkovaga teng keladigani topilmadi. Aleksandra koptok, xalqa va bulavada mashq bajarish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda barcha raqiblarini ortda qoldirib, oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Anastasiya tasmada tengsiz ekanini yana bir bor barchaga isbotladi.
Ko‘pkurash bahslarida ham A.Soldatova o‘zining navbatdagi oltin medalini qo‘lga kiritdi.
– O‘zbekistonda o‘tgan nufuzli musobaqada to‘rtta oltin medalni qo‘lga kiritganimdan xursandman, – deydi Aleksandra Soldatova. – Mamlakatingizda badiiy gimnastika bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga havas qilsa arziydi. Bu musobaqa har bir ishtirokchi hayotida yorqin va o‘chmas sahifa bo‘lib qolishiga ishonchimiz komil.