Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida keyingi yillarda ikki mingdan ziyod yangi tadbirkor ish boshladi. Natijada tuman sanoati 2 karra o‘sib, 2 trillion so‘mdan oshdi.
Tumanda bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan 20 ta mahalladagi bo‘sh yerda ishlab chiqarish inshootlarini qurish, 400 ta oilaga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish belgilangan. Buning natijasida 2 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Prezident ko‘rsatmasiga asosan “G‘ijduvon tajribasi”ning butun mamlakatimiz miqyosida ommalashtirilishi yashirin iqtisodiyotning oldini olish imkonini beradi.
– Prezidentimiz Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida qilgan ma’ruzasida G‘ijduvonning o‘zida 25 ming ish o‘rni, qo‘shimcha 50 million dollar eksport imkoniyati borligini ta’kidlagani bejiz emas. Bu barcha mahalliy tadbirkorlar qatori meni ham o‘z ishlab chiqarish faoliyatimga davr talablaridan kelib chiqqan holda yondashishga undadi, – deydi “G‘ijduvon mashhurasi” xususiy korxonasi rahbari, O'zLiDeP G‘ijduvon tumani Kengashi raisi, mahalliy Kengash deputati Zamira Safarova. – Men 27 yildan buyon tadbirkorlik faoliyatini olib boraman. Keyingi paytda soha xodimlari uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda G‘ijduvon erkin iqtisodiy zonasidan joy oldim. Imtiyozli kredit asosida ikki bosqichli loyihani amalga oshirdik. Loyiha butunlay o‘zini oqladi. Mahsulotlarimiz Fransiya, Rossiya, Turkiya, Ispaniya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston kabi qator davlatlarga eksportga chiqarilmoqda. Ayni paytda boshqa loyihalar ustida ham ish olib borilmoqda. Maqsad G‘ijduvon tajribasini ommalashtirish orqali aholi farovonligi va mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shishdan iborat.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.