Navoiy kon-metallargiya kombinati tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun 7-gidrometallurgiya zavodiga press-tur va matbuot anjumani tashkil etildi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati uchun keyingi besh yil yangi taraqqiyot davrini boshlab berdi. Korxonada ulkan bunyodkorlik ishlari, yangi konlarni o‘zlashtirish, gidrometallurgiya zavodlari barpo etish va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamdagi ishlar bajarildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan kombinatni 2026 yilgacha rivojlantirish dasturi doirasida qiymati 247,6 million dollar bo‘lgan “Oltinni uyumda ishqorlash sexida texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasini qurish (7-GMZ)” loyihasi amalga oshirildi. 2020 yilda korxonani ishga tushirish davomida 3,3 million tonnadan ortiq texnogen chiqindilar qayta ishlanib, tayyor mahsulot olingan bo‘lsa, bu yil yillik ishlab chiqarish quvvatini 10 million tonnaga yetkazish, kelgusi yildan boshlab esa yiliga 15 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
– 7-gidrometallurgiya zavodi kombinatining boshqa gidrometallurgiya zavodlaridan farqi shundaki, bu yerda qo‘llanilayotgan texnologiyalar evaziga qayta ishlangan ma’danni yana qayta ishlab, mahsulot olish imkoniyati mavjud, – deydi zavod direktori Farhodjon Cho‘liyev. – Korxonada texnogen chiqindilardan mahsulot olinishi ekologik jihatdan barcha talablarga to‘la javob beradi. Eng muhimi, qayta ishlash jarayonida faqatgina mahalliy kimyoviy mahsulotlar ishlatiladi. Bu esa ichki bozorning o‘sishiga olib keladi, mahsulot tannarxini arzonlashtiradi. Eng muhimi, zavod qurilishida qo‘llanilgan asosiy texnologik uskunalar chet eldan sotib olinmasdan, Navoiy mashinasozlik zavodida ishlab chiqarilishi evaziga 56 million dollarga yaqin mablag‘ tejaldi. Asosiysi, hozirgi kunga qadar zavodda mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilib, ularga to‘liq yosh kadrlar ishga qabul qilindi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari “Muruntov” konida porlatish ishlari jarayonibilan tanishdi.
“Muruntov” koni kashf etilishi mamlakatimiz geologiya maktabi asoschilaridan biri, butun umri, katta bilim va mehnatini qimmatbaho metallarga boy konlarni aniqlash, ularni o‘rganish va topishga sarflagan akademik olim Ibrohim Hamroboyev faoliyati bilan bog‘liq. Mashhur o‘zbek geologi Qizilqum sahrosida birinchi bo‘lib “Muruntov” konini aniqlagan. bugungi kunga qadar kondan 2 milliard kub metr tog‘ jinsi qazib olingan.
– “Muruntov” konida so‘nggi o‘n yillikda juda katta ishlar olib borildi, – deydi kon boshlig‘i Otabek Ravshanov. – O‘tgan davr mobaynida konchilik sohasiga innovatsion texnologiyalar joriy etilishi, zamonaviy kon texnikalari bilan boyitilishi ko‘rsatkichlarni oshirish imkonini berdi. Birgina, 2010 yilda konda 53,6 million kub metr ma’dan qazib olingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 105 million kub metrga yetdi. Ayniqsa, tik-qiya konveyeri – KNK-270 ning ishga tushirilishi yuksak iqtisodiy samara bermoqda. Hozirda konveyer orqali soatiga 3,5 ming kub metr ma’dan 285 metr balandlikka yetkazib berilmoqda. Bu tog‘ massasini tashish xarajatlarini ellik foizga kamaytirish imkonini berdi. Bugun konda tashilayotgan 47 million tonna ma’danning 16 million tonnasi tik-qiya konveyeri hissasiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, 2014 yilda konveyerga qo‘shimcha ravishda 2 ta yangi liniya ishga tushirildi. Ushbu liniyalar tog‘ jinslarini tashqi ag‘darmalarga tashish hajmini oshirdi.
[gallery-4843]
Qiymati 733,9 million dollar bo‘lgan “Muruntov” konini o‘zlashtirish (V navbati) 1-bosqich” loyihasi asosida yaqin kelajakda 1,8 mingta yangi ish o‘rni yaratish, ishlab chiqarish quvvatini 50 million tonnaga yetkazish hamda 1050 metr chuqurlikkacha ma’dan qazib olish ustida ish olib borilmoqda. Asosiy ruda manbai hisoblangan “Muruntov” konida 2021-2022 yillarda uzunligi 2154 va 3200 metrni tashkil etgan ikkita shimoliy-sharqiy va janubiy davriy oqim texnologiyali konveyer majmualarini ishga tushirish, bundan tashqari, konda “RopeCon” tizimli “Doppelmayr” tog‘ jinslarini yuqoriga tashuvchi tik-qiya konveyer majmuasi qurilishi rejalashtirilmoqda.
– Mazkur loyiha doirasida 2018 yildan boshlangan ishlar sekin-asta o‘z natijasini bera boshladi, – deydi kon boshlig‘i Otabek Ravshanov. – Jumladan, konning shimoliy va sharqiy qismini kengaytirish ishlari boshlandi. Yaqinda uning ilk bosqichidagi ilk ob’ekt, ya’ni, yiliga 15 million kub metr tog‘ jinsini tashish imkonini beruvchi yangi transport majmuasi foydalanishga topshirildi. Qazib olingan ruda yuk tashuvchi bahaybat avtoag‘dargichlar hamda tik-qiya konveyerida tashib chiqiladi. bugungi kunda “Muruntov”da vazni rusumiga qarab qariyb 400 tonnagacha bo‘lgan 136 tonnadan 240 tonnagacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega 120 ga yaqin “BelAz”, “KAT” va “Komatsu”rusumli mashinalar ishlamoqda.
Yangi texnika va texnologiyalar joriy etilishi konda tog‘ jinslarini qazib olishni oshirib borish imkonini bermoqda. Birgina keyingi yillarda 15 ta yuqori yuklash quvvatiga ega EKG ekskavatorlari, 10 ta zamonaviy burg‘ulash uskunasi, 81 ta katta hajmli yuk tashish avtoag‘dargichlar xarid qilingani ma’dan tashish quvvatini 2018 yilga nisbatan 2020 yilda 155 foizga oshirish imkonini berdi.
– Bu bahaybat mashinalar ham xuddi yengil avtomashinalar singari boshqariladi, – deydi haydovchi Burhon Tayloqov. – Avtoag‘dargichda barcha sharoit mavjud. Yozda ichida sovitkichlari ishlaydi. Xohlagan darajaga qo‘yish mumkin. 12 soatlik smenada tepada ishlasa 500 litr, chuqurda ishlasa 2800 litrgacha yoqilg‘i sarflaydi. Oldida 10 ta, motor bilan qo‘shib hisoblasak jami 21 ta chirog‘i bor. Yonilg‘i baki 4500 litr sig‘imga ega. 240 tonnagacha yuk ko‘taradi.
– bugungi “Yangi O‘zbekiston”ning yangi korxonalaridan biri 7-gidrometallurgiya zavodi va “Muruntov” koniga uyushtirilgan sayohatimiz har jihatdan foydali bo‘ldi, – deydi DUK “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda vostoka” gazetalari tahririyati Navoiy viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri Dilfuza Gulyamova. – Press tur doirasida korxonalarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdik. Kelgusi rejalar bilan o‘rtoqlashdik. 7-gidrometallurgiya zavodi hududiga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida suvsizlikka chidamli manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazdik. Shu bilan birga “Muruntov” konida olib borilgan portlatish jarayonida bevosita ishtirok etdik.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, kelajakda “Muruntov” koni faoliyatini barqarorlashtirish uchun kon tarkibida “Chuqurquduq”, “Bessapantau”, “Balpantau” va “Tomdibuloq” kabi yangi konlarni ochish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (foto), O‘zA