Asosiy da’vogarning dastlabki bosqichdagi muvaffaqiyatsizligi yetakchi koalitsiya tarkibida chuqur norozilik uyg‘otgandan bir necha soat o‘tib, Fridrix Mers ikkinchi urinishda rasman Germaniyaning yangi kansleri etib saylandi. Bu haqda CNN yozdi.
Mers mansub Xristian-Demokratik ittifoq (XDI) partiyasi fevral oyida bo‘lib o‘tgan saylovda g‘alaba qozonsa-da, to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqaruv uchun yetarli o‘rin to‘play olmagandi. Bugungi birlamchi ovoz berishda zarur 6 ovoz yetmay qoldi. Tushdan keyin shoshilinch ravishda o‘tkazilgan saylovda 325 deputat ma’qullagach, nihoyat nomzod Germaniya Prezidenti tomonidan Kansler lavozimiga tasdiqlandi. Bugun Bundestagda qasamyod qilishga ham ulgurgan Mers o‘tgan oy markaziy so‘l sotsial-demokratlar bilan koalitsiya tuzilganini e’lon qilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA