"GetYourGuide" platformasida O‘zbekiston turistik mahsulotlari turi kengaymoqda
Turizm qo‘mitasi ko‘magida xalqaro “GetYourGuide” platformasida O‘zbekiston turizm mahsulotlarining turi ortib bormoqda.
Avval platformada asosan gastronomik yo‘nalishdagi mahsulotlar taqdim etilgan bo‘lsa, endilikda turistik xizmatlarning boshqa turlari ham qo‘shilmoqda.
Xususan, platformada hunarmandchilik ustaxonalari, gilamdo‘zlik, kulolchilik va zardo‘zlik bo‘yicha mahorat darslari, soz ustaxonalari, mehmon uylari, uzumchilik, pichoq yasash, gulchilikka ixtisoslashgan mahallalar mahalliy hayot bilan tanishtiruvchi sayohatlar o‘rin olmoqda. Ular qatorida Xorazm vohasidagi 3 ming yillik tarixga ega qadimiy quduq kabi noyob ob’ektlar ham bor. Bugungi kunga qadar platformada ro‘yxatdan o‘tgan turistik mahsulotlar soni 150 tadan oshdi.
Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, “Gastro Marketplace” loyihasi doirasida mahalliy aholi va turizm sohasi vakillari uchun “GetYourGuide” platformasiga mustaqil ulanish bo‘yicha o‘quv videorolik tayyorlangan edi. Ushbu qo‘llanmadan bugun nafaqat gastronomiya, balki boshqa yo‘nalishdagi tadbirkorlar, hunarmandlar va oilaviy biznes egalari ham foydalanib, o‘z xizmatlarini vositachilarsiz xalqaro auditoriyaga taqdim etmoqda. “GetYourGuide” dunyodagi eng yirik ekskursiya va faol dam olish xizmatlarini bron qilish platformalaridan biri hisoblanadi. Mahalliy mahsulotlarning unda paydo bo‘lishi xorijiy sayyohlarga O‘zbekistonning madaniyati, hunarmandchiligi va an’analari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi, mahalliy aholi uchun esa qo‘shimcha daromad manbaiga aylanadi.
O‘zA muxbiri Muhayyo Toshqorayeva tayyorladi.