Germaniyaning yetakchi partiyasida yangi rahbar
Germaniya hukumatida boshqaruvchi hisoblangan "Xristian-demokratlar ittifoqi" (XDI) raisi lavozimini Armin Lashet egalladi.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan, N24 telekanali to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilgan uyushmaning navbatdagi s’ezdida ovoz berish jarayoni ikkinchi tur natijalaridan so‘ng shunday xulosaga kelindi.
"Armin Lashet uchun 521, Fridrix Mersni qo‘llab esa 466 kishi qo‘l ko‘tardi. Shu tariqa mutlaq ko‘p ovoz bilan Armin Lashet saylandi", – dedi XDI vakili.
Birinchi turda uch nafar nomzod qatnashgandi: g‘olib Lashet va uning asosiy raqobatchisi Mersdan tashqari atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri, bundestag tashqi siyosat qo‘mitasi rahbari Norbert Ryottgen. Dastlabki bosqichda hech bir da’vogar yetarli ovoz yig‘a olmadi. Qizig‘i, birinchi turda Mers Lashetdan 5 ta ko‘p ovoz olgandi. Ryottgen esa ulardan sezilarli ravishda ortda qolgan.
Armin Lashet xuddi Bavariya singari Germaniyaning eng yirik hududlaridan biri sanalgan, shu bilan birga aholi eng zich joylashgan Shimoliy Reyn – Vestfaliya federal yeri Bosh vaziri lavozimida ishlaydi. Saylov oldidan s’ezddagi nutqida u konsensus siyosatini yoqlashi, nemis jamiyatini birlashtirish yo‘lida harakat qilishini ta’kidlagan. Xususan, kansler Angela Merkel olib borayotgan siyosatni ma’qullashi va bu muvaffaqiyatli jarayonni davom ettirishga tayyorligini ham ma’lum qilgan.
Onlayn tarzda kechgan ovoz berish jarayonidan keyin XDI s’ezdi delegatlari, qonunga muvofiq, o‘z tanlovlarini yozma ravishda ham tasdiqlashlari shart. Yozma bayonot natijalari sanab chiqilgach, 22 yanvar kuni uzil-kesil oshkor qilinadi.
Yakuni bo‘yicha yangi hukumat shakllantiriladigan Bundestag saylovlari joriy yil 26 sentyabrda bo‘lib o‘tadi. Angela Merkel allaqachon ushbu saylovlardan so‘ng siyosatdan ketishini e’lon qilgan. XDI-XSI (Xristian-sotsialistlar ittifoqi) konservativ alyansi tomonidan taqdim etiladigan saylov oldi ro‘yxatida kim yetakchilik mavqeiga ega bo‘lishi va keyinchalik tabiiy ravishda kansler lavozimiga saylanish uchun nomzod qilib ko‘rsatilishi esa shu ikki bir-biriga yaqin partiyalar maslahatlashuvidan keyin ayon bo‘ladi. Bu qaror yaqin oylar ichida chiqarilishi kutilyapti.
O‘zA