Germaniyada suv monitoringi uchun yangi tizim joriy etildi
Germaniyada daryo va yer osti suvlari holatini kuzatishga mo‘ljallangan NIWIS milliy axborot tizimi ishga tushirildi. Hukumat ma’lum qilishicha, platforma qurg‘oqchilik xavfini ertaroq aniqlash va suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Federal atrof-muhit vaziri Karsten Shnayder so‘nggi 25 yilda mamlakat 60 milliard kub metr suv zaxirasini yo‘qotganini bildirdi. Unga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi tufayli past suv sathi va qurib borayotgan tuproqlar odatiy holatga aylanmoqda.
Rasmiylar hisob-kitoblariga ko‘ra, agar zarur choralar ko‘rilmasa, 2050-yilga borib suv tanqisligi Germaniya iqtisodiyotiga 625 milliard yevro zarar yetkazishi mumkin. Bu hosildorlikning pasayishi, suv narxining oshishi va logistikadagi uzilishlar bilan izohlanmoqda.
Ayni paytda Reyn daryosida suv sathining pasayishi yuk tashishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Myunxen shahrida esa qurg‘oqchilik tufayli vaqtincha suvdan foydalanishga cheklov joriy etildi. Jumladan, xususiy basseynlarni to‘ldirish, favvoralarni ishlatish va kunduzi bog‘larni sug‘orish taqiqlandi. Qoidalarni buzganlarga 50 ming yevrogacha jarima qo‘llanilishi mumkin.
D.Hakimov, O‘zA