Germaniyada shubhali idish sabab keng ko‘lamli amaliyot o‘tkazildi
Germaniyaning Fayxingen-Ense shahrida ehtimoliy radioaktiv modda topilgani ortidan maxsus xizmatlar ishtirokida keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazildi, deya xabar berdi DW nashri.
Ma’lum qilinishicha, ikki nafar fuqaro Pasxa bayrami munosabati bilan bog‘da yurganda qizil qopqoqli, “poloniy-210” yozuvi tushirilgan oq yelim idish topib olgan. Bu haqda tegishli idoraga xabar berilgach, hududga 130 dan ortiq qutqaruvchi va maxsus xizmat xodimi jalb etilgan.
Voqea joyi to‘liq o‘rab olinib, radiatsiyadan himoya bo‘linmasi tekshiruv boshlagan.
Dastlab idish sirtida radiatsiya belgisi qayd etilmagan. Shunga qaramasdan, mutasaddilar yozuv va buyumning og‘irligiga asoslanib, idish ichidagi modda haqiqatan Poloniy-210 ekanligini istisno qilmayapti.
Hozir topilma tarkibini aniqlash, ehtimoliy xavf darajasini baholash va zarur holda topilmani zararsizlantirish bo‘yicha ish davom etyapti.
Mutaxassislar ushbu modda juda kam uchraydigan va o‘ta zaharli radiofaol unsurligini ta’kidlaydi.
D.Hakimov, O‘zA