Germaniyaning yetakchi «Trescher Verlag» nashriyoti O‘zbekistonga xorijiy sayyohlarni jalb etish maqsadida ezgu ishga qo‘l urib, “O‘zbekiston: Ipak Yo‘li bo‘ylab Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva tomon” nomli sayyohlar uchun qo‘llanmani nemis tilida chop etdi.
O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi ma’lum qilishicha, mazkur qo‘llanmada nemiszabon sayyohlarga mamlakatimizning barcha hududlaridagi taniqli sayyohlik maskanlari, tarixiy osori-atiqalar hamda ziyoratgohlar, ekologik, madaniy, gastronomik, sport va boshqa turdagi yangi turizm sohalari haqida batafsil ma’lumot berilgan. Unda sayyohlar uchun zarur umumiy ma’lumotlar, jumladan, shaharlararo yo‘nalishlar xaritasi, yirik mehmonxonalardan tortib uy-mehmonxonalargacha, o‘zbek milliy taomlari turlari, sayyohlar uchun kerakli manzilgohlar, rasmiy internet sahifalari va boshqa ma’lumotlar ham jamlangan.
Yangi tahrirda 500 betdan ziyod hajmda rang-barang suratlar bilan chop etilgan sayyohlar kitobining yangiligi shundaki, unda mualliflar Bodo va Irina Tonslar xorijlik sayyohning muloqoti uchun zarur bo‘lgan nemis-o‘zbek-rus tillarida lug‘at taqdim etilgan. Turistlar diyorimizning tarixiy-madaniy obidalaridan zavq olishlari bilan birga o‘zbek xalqining adabiyotidan bahramand bo‘lishlari uchun nemis tiliga o‘girilgan o‘zbek adabiy asarlari ro‘yxati va ulardan parchalar keltirilgan. Masalan, ular orasida G‘afur G‘ulomning “Shum bola” asari ham bor.

Sayyohlik sohasi mutaxassislarining fikricha, mazkur sayohat qo‘llanmasi nafaqat Germaniya, balki boshqa nemiszabon mamlakatlar fuqarolarida yurtimizning turistik jozibadorligi haqida katta taassurot qoldirishi bilan birga ularning xabardorligini ham oshiradi, qolaversa, o‘z navbatida, Germaniyadan respublikamizga tashrif buyuradigan sayyohlar sonining ortishiga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, “Trescher Verlag” Germaniyaning turizm sohasidagi eng yetakchi nashriyotlaridan bo‘lib, o‘zining ishonchli va aniq dalilarga boy, mazmundor nashrlari bilan o‘quvchilar e’tiborini qozongan. Bugunga qadar nashriyotning Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, MDH va Afrika davlatlariga bag‘ishlangan 160 dan ortiq sayyohlik qo‘llanmalari chop etilgan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA