Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida BMT Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast jamg‘armasi faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda vazir o‘rinbosari Sarvar Hamidov, Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Konsuyelo Vidal ishtirok etdi. Germaniya hukumati Orol dengizi bo‘yicha Trast jamg‘armasiga 700 ming dollar ajratish niyatida. Ushbu mablag‘ murakkab ekologik vaziyatning mintaqa aholisiga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan manzilli qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlariga yo‘naltiriladi.
Uchrashuvda infratuzilmani takomillashtirish, innovatsiya va mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish orqali Orolbo‘yi mintaqasining barqaror iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash ustuvorligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan Germaniyaning hissasi milliy va xorijiy hamkorlar, ilmiy doiralar sa’y-harakati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Hududda qo‘shma dasturlar, moliyaviy ko‘mak amalga oshirish orqali iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolarni hal qilish imkoni paydo bo‘ladi.
Elchi Tilo Klinner ayni ustuvor yo‘nalishdagi yutuqlar nafaqat O‘zbekiston fuqarolari, balki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari aholisi uchun ham manfaat keltirishini, Orol fojiasi salbiy oqibatini global miqyosda kamaytirishini ta’kidladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, Trast jamg‘armasi doirasida Qoraqalpog‘istonning Beruniy, Taxtako‘pir, Bo‘zatov, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari hamda Nukus shahrida 7 ta loyiha amalga oshirilib, 16 million dollardan ziyod mablag‘ o‘zlashtirildi. Jumladan, 5 ta chekka qishloqning 11 ming nafar aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 17 aholi manzilida 8 ming 922 nafar qishloq aholisiga barqaror elektr energiyasi yetkazib berildi. O‘rmon xo‘jaligida ko‘chat yetishtirish 2200 gektardan 5000 gektarga ko‘paytirildi. AKT uskunalari o‘rnatilishi va bepul Wi-Fi hududlari yaratilishi tufayli 64 ming qishloq aholisi Internet va raqamli xizmatdan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. Shu bilan birga 3 ta perinatal markaz modernizatsiya qilindi, 20 ming nafar ona va yangi tug‘ilgan chaqaloqqa tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilandi.
E’tiborli jihati, Qoraqalpog‘istonda faoliyat ko‘rsatayotgan 31 tibbiyot muassasasi laboratoriya jihozlari va telekommunikatsiya vositalari bilan ta’minlandi.
Germaniya hukumati bilan imzolangan mazkur bitim Orol dengizi inqirozidan jabr ko‘rgan odamlarning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarini hal etishga qaratilgan yana bir xayrli loyihadir.
O‘zA