Germaniyada ommaviy axborot vositalari doirasi juda keng va xilma-xil. Kundalik voqealar haqida mustaqil ma’lumotni istalgan vaqt radio, televideniye, bosma ommaviy axborot vositasi yoki onlayn yangiliklar portallaridan olish mumkin.
OAV “to‘rtinchi hokimiyat” sifatida
Jurnalistlar va OAV tahririyatlarining ahamiyati shu darajada kattaki, ushbu davlatda hamkasblarimiz tom ma’noda hukumat, parlament va sud instituti qatorida “to‘rtinchi hokimiyat” vakillariga aylangan.
Olmon diyorida matbuot va fikr erkinligi bosh qonun bilan kafolatlangan asosiy huquq hisoblanadi. Zero, demokratiya uchun erkin matbuot zarurligi ayon. So‘z va matbuot erkinligi to‘g‘risidagi 5-moddada shunday yozilgan: Har kim o‘z fikrini og‘zaki, yozma va surat orqali erkin ifoda etish va tarqatish, ochiq manbalardan daxlsiz bilim olish huquqiga ega. Senzura yo‘q.

Matbuot erkinligiga media landshafti orqali erishiladi. Germaniyada fuqaro turli manbalardan ma’lumot olishi va shu tariqa o‘z fikrini shakllantirishi mumkin. Matbuot hukumat yoki partiya qo‘lida emas, balki xususiy media kompaniyalari tomonidan boshqariladi. Germaniya matbuoti Xitoy, Hindiston, Yaponiya va AQSHdan keyin dunyoda beshinchi, Yevropada eng yirik bozor. Bugungi kunda mamlakatda 320 ga yaqin, asosan, mintaqaviy kundalik gazeta, 16 ta haftalik gazeta va 1300 jurnal mavjud. 2021 yil Germaniya “Chegara bilmas muxbirlar” nodavlat tashkiloti tomonidan tuzilgan matbuot erkinligi reytingida 180 mamlakat ichida 16-o‘rinni egalladi.
Soxta axborot va dezinformatsiyaga qarshi kurash
Raqamlashtirish Germaniya media sohasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Masalan, 2021 yil har kuni 2,2 million nusxada 260 ga yaqin nashr raqamli shaklda tarqatildi. OAVdan foydalanish xususiyati ham sezilarli darajada o‘zgardi. 2022 yil birinchi choragida 78 million kishi yoki aholining93 foizi internetga muntazam murojaat qilgan, 73 million kishi ijtimoiy tarmoqdan faol foydalangan. Raqamli inqilob, shuningdek, ommaviylik tushunchasi qayta ko‘rib chiqilishiga olib keldi, chunki ijtimoiy tarmoq va bloglar tufayli endi hamma jamoatchilik fikrini shakllantirishi mumkin.
Binobarin, OAVning muhim roli, masalan, soxta yangilik va dezinformatsiyaga qarshi kurash masalasida o‘z turg‘unligini yo‘qotmasligi kerak. Jurnalist zimmasida faktni tekshirish va voqeani to‘g‘ri yetkazish orqali fuqarolarni xabardor qilish vazifasi turadi.
Germaniyada axborot, ta’lim va ko‘ngil ochar kontent efirga uzatuvchi jamoat teleradiokompaniyalari imkon qadar keng auditoriyani qamrab olish maqsadini ko‘zlaydi. Britaniya modelida tashkil etilgan, qonunchilik bilan boshqariladigan va abonent to‘lovi hisobiga moliyalashtiriladigan bunday korporatsiya va muassasalar xususiy yoki davlat tamoyiliga asoslangan tizimning ikki ustunidan biri hisoblanadi. Ushbu tamoyil 1949 yil Federativ Respublika tashkil topgandan beri, deyarli, o‘zgarmagan.
Gazeta va jurnallar
Olmon kundalik gazetalari raqamli format orqali tobora keng auditoriyani qamrab olmoqda, bosma tiraj esa muttasil kamaymoqda.
Germaniyada media maydoni dunyodagi eng yirik bozorlardan biri – ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan 100 milliard dollar aylanma bilan Amerika, Yaponiya va Xitoydan keyin to‘rtinchi o‘rinda turadi. Aksar zamonaviy nemis ommaviy axborot vositalari, asosan, g‘arbda ish boshlagan. Germaniya birlashgach, sharqdagi juda ko‘p nashrlar faoliyatini to‘xtatdi yoki o‘zgartirdi yoxud g‘arbiy media xoldinglar nazoratiga o‘tdi.
Gazetalar mamlakati sifatida tan olingan bo‘lsa-da, dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlarida bo‘lgani kabi, Germaniyada so‘nggi o‘n yilliklar bosma nashrlari umumiy adadi barqaror ravishda pasayib, 1994 yilga nisbatan bir yarim barobar kamaydi. Shunga qaramay, aholining 54 foizi har kuni gazeta o‘qiydi, 16 foizi esa onlayn-versiyalardan foydalanadi. Nemislarning 80 foizi jurnal o‘qiydi, jumladan 37,5 foiz jurnalxon faqat yangiliklarni kuzatadi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA