Saudiya Arabistoniga 2025-yilgi haj mavsumi uchun xorijdan bir milliondan ortiq ziyoratchi keldi. Bu haqda haj va umra ishlari vaziri Tavfiq Al-Rabia ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, hajga kelganlarning 53 foizi erkaklar, qolgan 47 foizi esa ayollardir. Ziyoratchilarning 94 foizi havo yo‘li bilan, 4,83 foizi quruqlikdagi chegara punktlari orqali, taxminan, 0,5 foizi esa dengiz orqali yetib kelgan. Shuningdek, 249 400 nafar ziyoratchi “Makka yo‘li” tashabbusi doirasida Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgan.
Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSH Ukrainaga yetkazib berilgan qurollardan uzoq masofaga zarba berishda foydalanish bo‘yicha qo‘yilgan cheklovlarni olib tashladi.
Ukrainaga yetkazib beriladigan qurollarning otish masofasiga endi hech qanday cheklov yo‘q. Na Buyuk Britaniya, na Fransiya, na biz tomonimizdan. Amerikaliklar tomonidan ham cheklov mavjud emas, dedi Germaniya kansleri Fridrix Mers.
Kanslerga ko‘ra, cheklovlarning olib tashlanishi Ukrainaga, masalan, Rossiyadagi harbiy pozitsiyalarga hujum qilish yo‘li bilan, o‘zini himoya qilish imkonini beradi. U bunday holatlar ilgari juda kam hollardan tashqari kuzatilmaganini aytdi.
Irlandiya Isroil tomonidan bosib olingan Falastin hududlarida ishlayotgan Isroil kompaniyalaridan import qilinadigan mahsulotlarga taqiq joriy etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Irlandiya Bosh vaziri o‘rinbosari Saymon Harris “Financial Times” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Harrisning aytishicha, hukumat ushbu tashabbusni joriy yilning 27 may kuni rasman e’lon qiladi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, bosib olingan Falastin hududlaridan olib kirilgan mahsulotlarni import qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Biroq bu umumiy Isroil mahsulotlari importiga taalluqli bo‘lmaydi, ya’ni bu Isroilga qarshi to‘liq iqtisodiy boykot emas.
Germaniya kansleri Fridrix Mers 26 may, dushanba kuni Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini tanqid qildi.
«To‘g‘risini aytsam, Isroil armiyasi G‘azo sektorida qanday maqsadni ko‘zlayotganini endi tushunmayapman», — dedi Mers. Shu bilan birga, u «tinch aholining so‘nggi kunlarda tobora kuchayib borayotgan darajada azob chekishga majbur bo‘layotganini endi Hamasga qarshi kurash bilan oqlab bo‘lmasligini» ta’kidladi.
Shuningdek, Germaniya kansleri Isroilni ommaviy tanqid qilishda Germaniya «dunyodagi boshqa davlatlardan ko‘ra ko‘proq vazmin bo‘lishi» kerakligini tan oldi.
Rossiya Ukrainaga qarshi urushda millionga yaqin harbiy xizmatchisini yo‘qotdi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi ma’lum qildi.
Ukraina halok bo‘lganlar yoki yaradorlar soniga aniqlik kiritmagan, ammo yuqoridagi raqam barcha yo‘qotishlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, halok bo‘lganlar, yaradorlar, bedarak yo‘qolganlar va asirga olinganlar. Ukraina rasmiylari urush boshlanganidan beri Rossiya qo‘shinlari va texnikasining yo‘qotishlarini kunlik kuzatib bormoqda. Tomonlar o‘z yo‘qotishlarini rasman e’lon qilmayapti.
Janubiy Koreyaning Samsung Display kompaniyasi 2024 yilda Rossiyaning oltin, volfram va tantalidan foydalanishni to‘xtatdi.
Hujjatda 2022 va 2023 yillarda Rossiyadan ushbu metallar yetkazib berilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan. 2021 yilda esa kompaniya Rossiyaning 11 ta korxonasidan xom ashyo olgan. Volfram chip ichidagi metall o‘tkazgichlarda, tantal kremniy va mis orasidagi izolyatsiya qatlamida, oltin esa mikrosxemadagi kristallarni korpus bilan ulashda qo‘llanilgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/WE4gEvE6pOI?si=onHz5vxgpUa0m5j_" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA